O‘zbekistonga 8 oyda 9,1 million xorijiy sayyoh tashrif buyurdi
2026-09-08 19:20:00 / Yangiliklar
2026-yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekiston Respublikasiga 9,1 million xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 21,1 foizga ko‘p.

Yilning dastlabki 7 oyida mamlakatimizga 7,7 million sayyoh kelgan bo‘lsa, faqat avgust oyining o‘zida 1,4 million sayyoh tashrif buyurdi.
Turistik tashriflarning eng yuqori o‘sishi Xitoy (2,3 barobar), Malayziya (2 barobar), Yaponiya (1,5 barobar), AQSH (1,4 barobar) va Rossiya (1,3 barobar) davlatlaridan qayd etildi. Shuningdek, Germaniyadan tashriflar 25 foizga, Fransiya va Buyuk Britaniyadan 21 foizga, Turkiyadan esa 15 foizga oshdi.
Turistik xizmatlar eksporti esa 4,6 milliard AQSH dollariga yetdi — bu o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 53,5 foizga ko‘p.
