Toshkent — Mavrikiy o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar dekabr oyidan yo‘lga qo‘yiladi
2026-09-07 15:00:00 / Yangiliklar

Muloqot O‘zbekistonning “Prestige Travel” kompaniyasi tashabbusi bilan Turizm qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi. Unda Mavrikiyning yetakchi turizm kompaniyalari va mehmonxona brendlari vakillari hamda mahalliy turoperatorlar ishtirok etib, ikki tomonlama turistik loyihalarni ishga tushirish va hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Rejaga ko‘ra, dastlabki bosqichda 26-dekabr va yanvar oylarida jami 4 ta Toshkent — Mavrikiy — Toshkent qatnovi amalga oshiriladi. 2027-yil iyunidan esa ushbu yo‘nalish bo‘yicha haftasiga bir marta muntazam reyslar yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Yangi yo‘nalish O‘zbekiston turizmi uchun Afrika qit’asida yangi bozor ochishdan tashqari, Toshkentning Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlaridan Mavrikiyga yo‘lovchilar oqimini yo‘naltiruvchi tranzit markazi sifatidagi salohiyatini oshiradi. Kelgusida Qozog‘iston, Rossiya va boshqa MDH davlatlari sayyohlari Toshkent orqali Mavrikiyga uchishlari mumkin bo‘ladi.
“Yangi aviaqatnovlar o‘zaro sayyohlar oqimini oshirishda ahamiyatlidir. Shu bilan birga Mavrikiy bozorini O‘zbekiston turizmi uchun yangi yo‘nalish sifatida ochadi. Mavrikiy aholisining muayyan qismini hind-musulmon jamoalari tashkil etishi ziyorat va gastronomik turizmni rivojlantirish uchun istiqbolli imkoniyatlar yaratadi. Shu orqali Mavrikiydan keladigan sayyohlarga Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkentning tarixiy-madaniy merosi, islom sivilizatsiyasi bilan bog‘liq qadamjolar hamda milliy oshxona an’analarini qamrab olgan maxsus turistik mahsulotlarni taklif etish imkoniyati kengayadi”, — dedi “Prestige Travel” kompaniyasi asoschisi Oybek Ahmedov.
Aviaqatnovlar 2026-yildan har yili iyun–avgust oylarida amalga oshirilayotgan “Ochiq turizm mavsumi” dasturi doirasida yo‘lga qo‘yilmoqda. Dastur turizm bozori ishtirokchilari uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini nazarda tutadi: yangi yo‘nalish ochayotgan aviatashuvchilarga har bir jalb qilingan xorijiy turist uchun 100 AQSh dollari subsidiya hamda aeroport xizmatlarida 20 foizlik chegirma, mahalliy turoperatorlarga esa uzoq xorijdan jalb qilingan har 1000 turist uchun 5000 AQSh dollari subsidiya ajratiladi.







