Toshkent xalqaro yarim marafoni sport turizmi salohiyatini namoyon etdi
2026-09-07 09:20:00 / Yangiliklar

Markaziy ko‘chalar bo‘ylab o‘tkazilgan nufuzli sport tadbiri 5 kilometrlik ommaviy yugurish hamda 21,0975 kilometrlik yarim marafon masofalarini qamrab oldi. Musobaqada qariyb 24,5 ming nafar ishtirokchi, jumladan, 50 ta mamlakatdan 2 mingdan ziyod xorijiy mehmon qatnashdi.
Xalqaro ishtirokchilar tarkibida diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillarining ham ishtirok etgani tadbirning xalqaro ahamiyatini yanada oshirdi. Shu bilan birga, musobaqada qariyb 600 nafar ishtirokchi maxsus inklyuziv startlarda qatnashdi.
Yarim marafon Toshkentning nafaqat zamonaviy sport infratuzilmasi, balki xalqaro sport turizmi uchun jozibador shahar sifatidagi imkoniyatlarini ham namoyon etdi. Xorijiy ishtirokchilar uchun poytaxtning markaziy ko‘chalari, zamonaviy shahar muhiti va tarixiy-madaniy maskanlarini bir vaqtning o‘zida ko‘rish imkoni yaratildi.
Xalqaro sport musobaqalarining Toshkentda o‘tkazilishi xorijlik sayyohlarni jalb etish, ularning O‘zbekistonda bo‘lish muddatini uzaytirish hamda sport, madaniy va shahar turizmini o‘zaro uyg‘unlashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Shu jihatdan, yarim marafon nafaqat sport musobaqasi, balki mamlakatning turistik imidjini targ‘ib qiluvchi yirik xalqaro tadbir sifatida ham ahamiyat kasb etdi.
Musobaqa doirasida ikki kun davomida faoliyat ko‘rsatgan “EXPO” maydonida 15 dan ortiq kompaniya o‘z mahsulot va xizmatlarini namoyish qildi. Tadbirning media qamrovi ham keng bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlardagi auditoriya 13 milliondan oshdi. Musobaqani yoritishga 50 dan ziyod bloger va inflyuenser jalb etildi.
Toshkent xalqaro yarim marafonining keng xalqaro ishtirokchilar tarkibi, yuqori tashkiliy darajasi va poytaxtning markaziy ko‘chalari bo‘ylab o‘tkazilgani O‘zbekistonda sport turizmini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini ko‘rsatdi.






