O‘zbekiston sayyohlik salohiyati Malayziyada namoyish etilmoqda
2026-09-04 13:20:00 / Yangiliklar

Bu yilgi ko‘rgazmada 4 556 ta stend tashkil etilgan bo‘lib, tadbirga 100 mingga yaqin tashrif buyuruvchi kelishi kutilmoqda. Ko‘rgazmada dunyoning turli mamlakatlari, jumladan, Turkiya, Qozog‘iston, Hindiston, Xitoy, Tayvan, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Filippin, Tanzaniya, Indoneziya, Guam, Xitoyning Henan provinsiyasi hamda Yaponiyaning Hokkaydo va Tokio hududlari vakillari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston milliy stendida esa “Uzbekistan Airways”, “Tour Link”, “Central Asia Voyage”, “Ons Travels”, “Orient MICE”, “East Asia Point” kabi turizm sohasi vakillari hamda Qashqadaryo viloyati Turizm boshqarmasi mamlakatimizning turistik imkoniyatlarini keng namoyish etmoqda.
Ko‘rgazmada ziyorat turizmi O‘zbekistonning istiqbolli sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatida faol targ‘ib qilinmoqda. Mehmonlarga mamlakatimizdagi islomiy meros obidalari, muqaddas qadamjolar, tarixiy shaharlar va ziyorat maskanlari haqida ma’lumotlar taqdim etilmoqda. Shuningdek, ziyorat turizmini madaniy, gastronomik va boshqa sayyohlik yo‘nalishlari bilan uyg‘unlashtiruvchi “Umra plyus” dasturining imkoniyatlari ham xorijiy hamkorlarga taqdim etilmoqda.
Tadbir doirasida O‘zbekiston turoperatorlari va turizm sohasi vakillari Malayziyaning yirik turistik kompaniyalari, assotsiatsiyalari hamda boshqa davlatlardan tashrif buyurgan turizm industriyasi vakillari bilan qator B2B uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish, yangi turistik mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, mamlakatimizning turizm va investitsiya salohiyatini targ‘ib qilish masalalari muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston stendida Qashqadaryo viloyatining boy turizm salohiyati alohida namoyish etilmoqda. Malayziyalik sayyohlar va xalqaro turoperatorlar viloyatning qadimiy tarixi, tarixiy-madaniy obidalari, betakror tabiati hamda sayyohlik yo‘nalishlariga katta qiziqish bildirmoqda.
Milliy stendga tashrif buyuruvchilar O‘zbekistonning boy madaniy merosi, tarixi, milliy taomlari va mehmondo‘stlik an’analari bilan yaqindan tanishmoqda. O‘zbek mehmondo‘stligining yorqin ramzi bo‘lgan palov taqdimoti esa ko‘rgazma mehmonlarida alohida qiziqish uyg‘otib, minglab tashrif buyuruvchilarga milliy gastronomik an’analarimizni namoyish etish imkonini bermoqda.
O‘zbekistonning “MATTA Fair”dagi ishtiroki mamlakatimizning xalqaro turizm bozoridagi jozibador yo‘nalish sifatidagi imidjini mustahkamlash, Malayziya va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan turistlar oqimini yanada oshirish, yangi xalqaro hamkorlarni jalb etish hamda O‘zbekistonning ziyorat, madaniy, gastronomik va boshqa turizm yo‘nalishlarini keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.






