Olmaotadan Urganchga muntazam aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi
2026-09-04 09:15:00 / Yangiliklar
Qozog‘istonning yirik aviakompaniyalaridan biri — FlyArystan Olmaota–Urganch yo‘nalishi bo‘yicha ilk parvozini amalga oshirdi. Yangi aviaqatnov ikki davlat o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlash bilan birga, Xorazmga xorijiy sayyohlar oqimini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Parvozlar haftada ikki marta: har payshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi. Parvoz davomiyligi — 2 soat 35 daqiqa.
Ilk parvoz bilan Xorazmga Qozog‘istonlik 10 ta turfirma vakillari tashrif buyurdi. Ular uchun uch kunlik infotur tashkil etilmoqda: dastur doirasida mahalliy turoperatorlar ishtirokida B2B uchrashuvlar va workshop o‘tkaziladi.
Shuningdek, mehmonlar Xorazmning tarixiy-madaniy obidalari hamda viloyatning turistik salohiyati bilan yaqindan tanishadilar.
Bunday infoturlar Xorazm viloyatini Qozog‘iston turizm bozori uchun yanada ochib, ikki mamlakat turfirmalari o‘rtasida bevosita hamkorlik yo‘lga qo‘yish va o‘zaro sayyohlar almashinuvini oshirishga xizmat qiladi.






