O‘zbekistonda xalqaro mehmonxona brendlari tarmog‘i yetti oyda qariyb 28 foizga kengaydi
2026-09-02 10:15:00 / Yangiliklar

“Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” DM ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 31-dekabr holatida mamlakatda 25 ta xalqaro brendga tegishli 40 ta mehmonxona, jami 5 191 ta xona va 9 340 ta o‘rin mavjud edi. 2026-yil 1-avgustga kelib bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 31 ta brend, 51 ta mehmonxona, 6 664 ta xona va 12 096 ta o‘rinni tashkil etdi. Joriy yilning o‘tgan davrida 11 ta yangi xalqaro brendli mehmonxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
2026-yilda eng sezilarli o‘sish Wyndham Hotels and Resorts tarmog‘ida kuzatildi: 2025-yil yakunidagi 6 ta mehmonxonadan 1-avgust holatiga 11 taga yetdi. Tarmoq tarkibiga Wyndham Garden Chorvoq Darvozasi, Ramada by Wyndham Nukus, Ramada Plaza by Wyndham Tashkent, TRYP by Wyndham Chimyon va TRYP by Wyndham Tashkent Olympic City kabi loyihalar qo‘shildi. Natijada xona fondi 857 tadan 1 450 tagacha, joylar soni esa 1 607 tadan 2 793 tagacha oshdi.
Accor tarmog‘i ham qisqa muddatda 3 tadan 7 ta mehmonxonaga kengaydi. Xona fondi 470 tadan 889 tagacha, joylar soni 948 tadan 1 712 tagacha ko‘paydi. Tarmoq tarkibida ibis brendi, shuningdek, Mercure Tashkent North, Mercure Bukhara Old Town va Movenpick Tashkent Old City mehmonxonalari paydo bo‘ldi.
Hilton tarmog‘i 7 tadan 8 ta mehmonxonaga kengaydi; xona fondi 1 109 tadan 1 274 tagacha, joylar soni 2 118 tadan 2 448 tagacha oshdi. O‘sishda DoubleTree by Hilton Tashkent mehmonxonasining ishga tushirilishi muhim omil bo‘ldi.
Hyatt tarmog‘i Beldersoy Resort and Spa Destination by Hyatt ishga tushishi hisobiga 1 tadan 2 ta mehmonxonaga yetdi, xona fondi esa 300 tadan 445 tagacha oshdi.
Marriott International tarmog‘ida mehmonxonalar soni 2 ta bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, JW Marriott Hotel Tashkentdagi kengayish hisobiga xona fondi 280 tadan 415 tagacha ortdi.
Qayd etish kerakki, yangi loyihalar Buxoro, Samarqand, Nukus, Termiz, Chimyon va Beldirsoy kabi yirik turistik va rekreasion yo‘nalishlarda paydo bo‘lmoqda. Bu xalqaro mehmonxona standartlari poytaxt bilan cheklanib qolmasdan, mamlakatning asosiy turistik markazlariga ham kirib borayotganini, xorijiy sayyohlar uchun hududlarda tanlov imkoniyati kengayotganini ko‘rsatadi.
CMWP Uzbekistan’ning “Central Asian International Hotel Chains – 2025 Market Overview” tadqiqotiga ko‘ra, 2020–2025-yillarda O‘zbekistonda xalqaro brendli mehmonxonalar xona fondi 272 foizga oshgan. Bu Markaziy Osiyodagi eng yuqori ko‘rsatkich: shu davrda Qozog‘istonda o‘sish 52 foiz, Qirg‘izistonda 38 foiz, Tojikistonda esa 33 foizni tashkil etgan. Tadqiqot prognozlariga ko‘ra, yangi loyihalar hisobiga O‘zbekiston yaqin yillarda xalqaro brendlar xona fondi bo‘yicha mintaqada yetakchi pozisiyaga chiqishi mumkin.
Shu bilan birga, operatorlar soni ortishi bilan birga brendlar tarkibi ham rang-baranglashmoqda: 2025-yil yakunidagi 25 ta brendga nisbatan 1 avgust holatiga ularning soni 31 taga yetdi. Bugun bozorda yuqori toifadagi mehmonxonalar bilan bir qatorda o‘rta segment, biznes turizmi, shahar mehmonxonalari hamda kurort va dam olish maskanlariga yo‘naltirilgan brendlar ham kengaymoqda. Bu turli ehtiyoj va imkoniyatlarga mos turizm mahsulotlarini shakllantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
