O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan turizm sohasidagi hamkorlik dasturi imzolandi
2026-08-30 23:00:00 / Yangiliklar
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ishtirokida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan turizm sohasidagi hamkorlik dasturi imzolandi. Mazkur hujjat ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlik almashinuvini kengaytirish, turizm yo‘nalishidagi aloqalarni yanada rivojlantirish hamda yangi hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdi. Unda turizm sohasida o‘zaro madaniyat haftaliklari, kinofestivallar va boshqa yirik tadbirlarni tashkil etish, shuningdek, yangi qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, ikki davlat fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz tartibning joriy etilishi O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi sayyohlik oqimini oshirish, o‘zaro qatnovlarni faollashtirish hamda turizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun muhim omil bo‘lishi kutilmoqda.

