Andijonda xotin-qizlarning turizm sohasidagi tadbirkorlik tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda
2026-08-28 17:40:00 / Yangiliklar

Shu yo‘nalishdagi ishlar doirasida Andijon viloyati hokimligi, viloyat Turizm boshqarmasi hamda Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida “Ayollar va turizm: imkoniyatlar kaliti” mavzusida amaliy o‘quv-seminari tashkil etildi.
Tadbirda turizm sohasida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgan xotin-qizlarga mavjud imkoniyat va imtiyozlar, jumladan, imtiyozli kreditlar hamda subsidiyalardan foydalanish tartibi, sohadagi huquqiy asoslar va davlat tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga turizm yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan muvaffaqiyatli tadbirkor ayollarning tajribasi taqdim etilib, mehmondo‘stlik, oilaviy mehmon uylari, hunarmandchilik, gastronomik turizm va boshqa yo‘nalishlarda biznesni tashkil etish imkoniyatlari yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Ta’kidlanganidek, Andijon viloyatining boy tarixiy-madaniy merosi, tabiiy salohiyati va turistik imkoniyatlari xotin-qizlarning turizm sohasidagi tadbirkorlik tashabbuslarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Bu esa yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, oilalar daromadini oshirish hamda hududlarda turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi.



