Shahrisabzdan Mirakigacha: Qashqadaryoni kashf etuvchi to‘rt kunlik marshrut
2026-08-26 20:55:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo bir sayohatda ikki xil tajriba taqdim etadi: Shahrisabzning ming yillik tarixi va Mirakining tog‘ havosi. To‘rt kunlik marshrut UNESCO ro‘yxatidagi yodgorliklarni ko‘rish, mahalliy taomlarni tatib ko‘rish va Hisor tog‘lari etaklarida dam olishni birlashtiradi.
1–2-kun: Shahrisabz
UNESCO ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy markazda Amir Temur farmoni bilan qurilgan Oqsaroy saroyi, Temuriylar davriga oid Dor us-Saodat va Dor ut-Tilovat majmualari hamda XV asrda bunyod etilgan Ko‘k Gumbaz masjidi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Kunni shahar bo‘ylab sayr va hunarmandchilik ustaxonalariga tashrif bilan yakunlang.
Mahalliy taomlardan esa tandirda pishirilgan sershira qo‘y go‘shtli tandir kabob, zig‘ir yog‘ida tayyorlanadigan Shahrisabz palovi va qatlama xamirli Qashqadaryo somsasini tatib ko‘rish to‘g‘ri tanlov bo‘ladi.
3–4-kun: Miraki
Hisor tog‘ tizmasi etagida, Shahrisabz tumani markazidan taxminan 30 km uzoqlikda (avtomobilda 40–50 daqiqa) joylashgan Miraki dam olish va sayyohlik mahallasi o‘zining tabiati va havosi bilan mashhur. Hududda 120 dan ortiq mehmon uyi va 19 ga yaqin mehmonxona faoliyat yuritadi, shuningdek "Miraki" sanatoriysi va "Lochin" oromgohi ham mehmonlarga xizmat ko‘rsatadi.
Sayohatning keyingi kunini Oqsuv daryosi bo‘ylab ekoturizm yo‘lagidan boshlab, Hisorak suv omboriga (osma yo‘lda tomosha) va 84 metrli Suvtushar sharsharasiga borsa bo‘ladi. Faol dam olish uchun — Hisor davlat qo‘riqxonasi eng yaxshi manzil. Yakuniy kunni tog‘ bag‘rida tinch dam olishga bag‘ishlash ish haftasi oldidan ayni muddao bo‘ladi.






