Ekoturizm va barqaror turizm bo‘yicha xalqaro sammit
2026-08-26 17:25:00 / Yangiliklar

Nufuzli xalqaro tadbirda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 ga yaqin yirik turoperatorlar, sayyohlik kompaniyalari vakillari, davlat va xususiy sektor vakillari hamda soha ekspertlari ishtirok etdi. Turkiya, Misr, Vetnam va Tanzaniya kabi turistik markazlarda o‘tkazib kelingan sammitga O‘zbekiston 2026-yilda ilk bor mezbonlik qildi.
Sammit ishtirokchilariga O‘zbekistonning turistik salohiyati, ekoturizmni rivojlantirish imkoniyatlari va sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi. Tadbirda barqaror turizmni rivojlantirish, ekologik resurslardan oqilona foydalanish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirning rasmiy ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sandjar Tadjiyev hamda “TravelShop Group of Companies” bosh direktori va Istanbul turizm assotsiatsiyasi prezidenti Murtaza Kalender tabrik so‘zlari bilan chiqish qilishdi.
Xalqaro ekspertlar, jumladan, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika sayohat bozori bo‘yicha ekspert Anis Sehili va Bergamo universiteti professori Roberto Garibaldi barqaror turizmning zamonaviy tendensiyalari, yangi turistik mahsulotlar va xalqaro tajriba yuzasidan taqdimotlar o‘tkazdi.
Tadbirning muhim qismi B2B uchrashuvlar bo‘lib, xorijiy va mahalliy turoperatorlar o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralar tashkil etildi. Uchrashuvlar yakunida yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma turizm loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy kelishuvlarga erishildi.
Sammitning asosiy dasturidan so‘ng, xorijiy mehmonlar uchun Toshkent, Samarqand va Buxoro viloyatlari bo‘ylab ekskursiyalar hamda qo‘shimcha biznes uchrashuvlari davom ettiriladi. Ushbu tashriflar xorijiy delegatlarga O‘zbekistonning ming yillik tarixi, boy madaniy merosi va yuksak turistik salohiyati bilan bevosita yaqindan tanishish, shuningdek, mintaqaviy turizm loyihalari bo‘yicha amaliy taassurot olish imkonini beradi.









