Qirgʻiziston OAV vakillari uchun info-tur tashkil etildi
2026-08-22 15:35:00 / Yangiliklar

Mazkur tashrifning asosiy maqsadi — ikki qo‘shni hudud o‘rtasidagi axborot va media sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, Farg‘ona viloyatining boy turistik salohiyati, tarixiy-madaniy merosi hamda zamonaviy sayyohlik imkoniyatlarini keng targ‘ib qilishdan iborat.
Ijodiy guruhga Farg‘ona viloyati hokimligi va viloyat Turizm boshqarmasi vakillari hamrohlik qildi. Tashrif doirasida Farg‘ona va Batken viloyatlari o‘rtasidagi do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik aloqalari, turizm, madaniyat hamda axborot sohalaridagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Dastur davomida mehmonlar Farg‘ona viloyatining diqqatga sazovor turistik obyektlari bilan yaqindan tanishdi. Ularga hududning boy tarixi, milliy qadriyatlari, me’moriy obidalari, hunarmandchilik an’analari va zamonaviy turistik infratuzilmasi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Farg‘ona zaminidagi qadimiy tarix, bugungi taraqqiyot va betakror tabiat uyg‘unligi xorijlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Bunday info-turlar hududning turistik jozibadorligini keng targ‘ib qilish bilan birga, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.







