Parkentda “Uzum sayli” xalqaro festivalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
2026-08-22 13:30:00 / Yangiliklar

Festivalning tantanali ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi Z.Mirzayev va Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov ochib berdilar. Tabrik so‘zlarida “Uzum sayli” festivali nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini targ‘ib qilish, balki hududning turistik salohiyatini namoyon etish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilayotganini alohida qayd etdilar. Shuningdek, bunday tadbirlar orqali milliy urf-odatlar, xalq hunarmandchiligi va mahalliy taomlar keng targ‘ib qilinib, ichki va tashqi turizm rivojiga kuchli turtki berishini ta’kidladilar.
Festivalda O‘zbekiston Respublikasining barcha viloyatlaridan fermer xo‘jaliklari, mamlakatimiz vino zavodlari, tabiiy ichimliklar, sharbatlar va sharbat konsentratlari ishlab chiqarish korxonalari o‘z ekspozitsiyalarini taqdim etishmoqda.
Tadbirda qishloq xo‘jaligi yarmarkalari, vino sanoatining xalqaro brend kompaniyalari ko‘rgazmalari, uzumchilik yo‘nalishidagi xalqaro konferensiya va anjumanlar, milliy liboslar ko‘rgazmasi va kimoshdi savdosi festival dasturidan o‘rin olgan.
Festivalning madaniy qismida esa milliy folklor jamoalari, estrada san’atkorlari chiqishlari, nominatsiyalar bo‘yicha respublika ko‘rik-tanlovlari, hunarmandchilik mahsulotlari, milliy taomlar va liboslar hamda xalq urf-odatlari va an’analarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalari tashkil etilmoqda.
“Uzum sayli” xalqaro festivalida O‘zbekistonda vazirlik va idoralar vakillari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy tashkilotlar vakolatxonalari, diplomatik korpus vakillari hamda Italiya vinochilik uyushmasi rahbari Leonardo Kommuchi, shuningdek Indoneziya, Turkiya, Serbiya, Rossiya, Koreya, Singapur, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon kabi 30 dan ortiq davlatlardan olimlar, ekspertlar va sohaning yirik namoyandalari ishtirok etishmoqda.
“Uzum sayli”ning Parkent tumanida o‘tkazilishi bejiz emas. Parkentda uzum yetishtirishning o‘ziga xos maktabi shakllangan. Bugun tumanda 530 dan ziyod fermer xo‘jaligi 15 ming gektardan ortiq maydonda 13 dan ziyod uzum navini yetishtirmoqda. Parkent uzumlari hozirda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Festivalning muhim maqsadlaridan biri – Toshkent viloyatining ulkan turizm salohiyatini namoyish etish, gastronomik, eno va ekoturizm yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish.
So‘nggi yillarda viloyatda mehmonxona va dam olish maskanlari soni 319 taga, uy mehmonxonalari 1105 taga, jami mehmon o‘rinlari esa 35 mingtaga yetdi. Parkentni yaqin ikki yilda yirik turizm markazlaridan biriga aylantirish maqsadida keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu yerda kamida 500 ming turistni qabul qilish imkoniyatiga ega zamonaviy turistik maskanlar, attraksionlar, tog‘-chang‘i kurorti zonasi, ekstremal sport turlariga mo‘ljallangan obyektlar barpo etilishi rejalashtirilgan.









