100 dan ortiq xalqaro turoperatorlar O‘zbekistonning yangi turizm yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorga aylanmoqda
2026-08-19 18:05:00 / Yangiliklar

Ushbu tadbir Turkiya, Misr, Vetnam va Tanzaniya kabi mamlakatlarda o‘tkazilgan va joriy yilda anjumanga ilk bor O‘zbekiston mezbonlik qilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari — aynan turistik oqim yo‘nalishini belgilaydigan turistik xizmatlarni bevosita sotuvchi va xorijiy bozorlarda targ‘ib qiluvchi kompaniyalar rahbarlari hamda vakillaridir. Eng ahamiyatlisi, ayni paytgacha ushbu kompaniyalar O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritmagan — shu bois ularning ishtiroki mamlakat uchun mutlaqo yangi bozorlarga chiqish imkonini ochadi.
Anjumanning asosiy tadbirlari doirasida xalqaro konferensiya, panel sessiyalari hamda mahalliy va xorijiy turoperatorlar o‘rtasidagi ikki bosqichli B2B netvorking uchrashuvlari tashkil etiladi. Sammitga AQSH, Kanada, Yangi Zelandiya, shuningdek, Yevropa va Osiyo mintaqasining yetakchi davlatlaridan yirik turoperatorlar, sayyohlik kompaniyalari va soha ekspertlari tashrif buyuradi.
Sammitning strategik ahamiyati shundaki, u Kanada, Buyuk Britaniya va Yevropadagi xarid qobiliyati yuqori segment — asli kelib chiqishi osiyolik musulmonlar diasporasi uchun turlar tashkil etuvchi kompaniyalar bilan bevosita hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Bu esa O‘zbekistonga nafaqat ommaviy, balki premium va hashamatli xizmatlardan foydalanishga tayyor, to‘lovga qodir turistlarni jalb etish yo‘lini ochadi.
Tadbirda TravelShop xalqaro sayyohlik kompaniyasi bosh direktori Murtaza Kalendar, Xalqaro ekoturizm hamjamiyati prezidenti Jon Bruno, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika sayohat bozori bo‘yicha mutaxassis Anis Sehili, Italiyaning Bergamo universiteti professori Roberto Garibaldi kabi xalqaro turizm ekspertlari chiqish qiladi.
Shuningdek, ishtirokchilar uchun Xorazm, Samarqand va Buxoro viloyatlari bo‘ylab ekskursiyalar va qo‘shimcha biznes uchrashuvlar ham o‘tkaziladi. Bundan tashqari, xorijiy sheriklar O‘zbekistonda faol rivojlanib borayotgan yo‘nalishlar — tog‘ turizmi, ekoturizm, gastronomik va etnografik turizm bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Soha vakillarining ana shunday shaxsiy taassuroti kelgusida mamlakatimizga yo‘naltiriladigan sayyohlar oqimini sezilarli oshirishga xizmat qiladi.
E’tiborli jihati, ishtirokchilarning sammitga o‘z tashabbusi va resurslari hisobidan tashrif buyurishi ularning bu yerda aniq tijoriy imkoniyatlar ko‘rayotganidan dalolat beradi.
