Samarqandda Birinchi O‘zbekiston–Gruziya turizm forumi bo‘lib o‘tdi
2026-08-17 16:40:00 / Yangiliklar

Forumda Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sandjar Tadjiev, Gruziya Turizm assotsiatsiyasi raisi Natalie Kvachantiradze hamda ikki mamlakatdan 80 dan ortiq turizm sohasi vakillari qatnashdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 2–3-iyul kunlari Gruziyaga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning amaliy davomi bo‘lib, ikki mamlakat turizm kompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi.
Forum davomida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Jumladan, qo‘shma turistik paketlar va yangi yo‘nalishlarni yaratish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish, madaniy-tarixiy, wellness, davolash-sog‘lomlashtirish, ziyorat, gastronomik, ekologik, sarguzasht va MICE turizmini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, o‘zaro tanishtiruv va media-turlarni tashkil etish, ikki mamlakatning turizm imkoniyatlarini raqamli platformalar orqali birgalikda targ‘ib qilish hamda xalqaro turizm ko‘rgazmalarida hamkorlikda ishtirok etishga alohida e’tibor qaratildi.
Forumning muhim qismi ikki mamlakat turizm biznesi vakillari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalariga bag‘ishlandi. Xususan, taqdimotlardan so‘ng O‘zbekiston va Gruziya turoperatorlari o‘rtasida B2B uchrashuvlar tashkil etilib, unda kompaniyalar hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma turistik mahsulotlarni shakllantirish va yangi biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini bevosita muhokama qildilar.
Gruziya turizm sohasi vakillari, shuningdek, O‘zbekistonga amalga oshirayotgan tanishtiruv safari doirasida mamlakatimizning turistik mahsulotlari, madaniy meros obyektlari va zamonaviy infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdilar. Bu esa kelgusidagi turistik yo‘nalishlarni muayyan destinatsiyalarning imkoniyatlarini hisobga olgan holda shakllantirish imkonini beradi.
Ta’kidlash joizki, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida Gruziyadan O‘zbekistonga kelgan turistlar oqimi 25,9 foizga oshdi. Umuman, yetti oy davomida O‘zbekistonga qariyb 7,75 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,6 foizga ko‘pdir. Turizm xizmatlari eksporti esa qariyb 3,9 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.









