Shahrisabz shahriga «Jahon hunarmandchilik shahri» xalqaro maqomi berildi
2026-08-16 16:00:00 / Yangiliklar

Marosimda Butunjahon hunarmandlar kengashi AISBL (International) prezidenti Sa’ad Al-Qaddumi Shahrisabz shahri 2026-yilda kashtachilik yo‘nalishida «Jahon hunarmandchilik shahri» maqomiga sazovor bo‘lganini rasman e’lon qildi.
Shahrisabz shahriga mazkur xalqaro maqomning berilishi shaharda asrlar davomida shakllangan hunarmandchilik an’analari, xususan, milliy kashtachilik san’atining o‘ziga xos yo‘nalishi bo‘lgan «iroqi» kashtachiligining xalqaro darajada e’tirof etilganidan dalolat beradi.
Tadbir davomida «Jahon hunarmandchilik shahri» maqomini tasdiqlovchi xalqaro sertifikat Shahrisabz shahar hokimi Sherzod Bo‘riyevga tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur maqom Shahrisabzning hunarmandchilik va madaniy meros sohasidagi mavqeini xalqaro miqyosda yanada mustahkamlash, milliy hunarmandchilik an’analarini keng targ‘ib qilish, mahalliy ustalarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda shaharning turistik salohiyatini oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, xalqaro e’tirof Shahrisabz shahrini hunarmandchilik va madaniy turizmning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida xalqaro turistik bozorlarda keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
