Xivada shahrida Xalqaro “Qovun sayli” festivalining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi
2026-08-08 13:20:00 / Yangiliklar

“Ichan qal’a” va “Arda Xiva” majmualarida tashkil etilgan mazkur nufuzli tadbirda Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Raximov, Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov, shuningdek, davlat idoralari rahbarlari, diplomatik korpus, xalqaro va mahalliy turistik tashkilotlar, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, fermerlar, xorijiy mehmonlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik tarmog‘i sifatida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada O‘zbekistonning qadimiy shaharlari, xususan, Xivaning turistik jozibadorligini oshirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish va yangi turizm mahsulotlarini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xalqaro «Qovun sayli» festivali doirasida qovun va poliz mahsulotlari ko‘rgazmalari, milliy taomlar taqdimoti, xalq amaliy san’ati yarmarkalari, konsert dasturlari, madaniy chiqishlar hamda turli tanlovlar tashkil etilib, festival bir necha kun davomida mahalliy aholi va xorijiy sayyohlarga unutilmas taassurotlar ulashadi.
Festivalning asosiy tadbirlaridan biri rossiyalik mashhur xonanda MakSimning Arda Xiva turizm majmuasidagi konsert dasturi bo‘ladi. Konsert 8-avgust kuni o‘tkaziladi. Tadbirga kirish bepul.
“Qovun sayli”da faol ishtirok etganlar turli nominatsiyalar asosida Xorazm viloyat hokimligi va homiylarning qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanadi.









