Gastronomik turizm bo‘yicha loyihalar amaliyotda: O‘zbekiston milliy taomlari xalqaro bozorga chiqmoqda
2026-08-07 11:50:00 / Yangiliklar

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (Organisation for Economic Co-operation and Development - OECD)ning “Tourism Trends and Policies” hisobotida ham turistik mahsulotlarni diversifikatsiya qilish, mahalliy tadbirkorlarni raqamli platformalarga jalb etish va turistik taassurotlarga asoslangan xizmatlarni rivojlantirish turizmning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etilgan.
O‘zbekiston ham bu borada katta salohiyatga ega. Buyuk Ipak yo‘lida shakllangan milliy oshxona palov, somsa, lagmon, shivit oshi, tuxumbarak kabi o‘ziga xos taomlari bilan ajralib turadi. Mamlakatimiz “National Geographic Traveler Awards” tanlovida «Gastronomik turizm uchun eng yaxshi mamlakat» deb e’tirof etildi. Shuningdek, “TasteAtlas” platformasida o‘zbek milliy taomlari dunyo gastronomik merosining munosib namunalari sifatida muntazam namoyish etib kelinmoqda.
Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda milliy taomlarni xalqaro standartlar asosida taqdim etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tashabbusi bilan Qo‘mita huzuridagi Loyihalar ofisi tomonidan “Gastro Marketplace” va “Tourist Friendly Restaurants” loyihalari amalga oshirilmoqda.
Loyihalar doirasida gastronomik master-klasslar o‘tkazish istagidagi 80 ga yaqin jismoniy shaxs saralanib, ularning xalqaro raqamli platformalar orqali xizmat ko‘rsatishi uchun ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Ishtirokchilarni xalqaro standartlar asosida sayyohlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Toshkent shahridagi 40 ga yaqin restoran tanlanib, milliy taomlarning yengil va muvozanatlashgan maxsus setlari ishlab chiqilmoqda. Ayni paytda ingliz tilidagi taomnomalar, professional dizayn va texnologik kartalar tayyorlanmoqda.
Ushbu loyihalar milliy taomlarni raqamli iqtisodiyot bilan uyg‘unlashtirish, mahalliy tadbirkorlarni xalqaro bozorga olib chiqish, zamonaviy xizmat standartlarini joriy etish hamda O‘zbekistonning gastronomik brendini xalqaro miqyosda yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, oilaviy tadbirkorlik, mehmon uylari va restoranlarni xalqaro turizm zanjiriga integratsiya qilish orqali gastronomik turizmning iqtisodiy samaradorligini oshirishga zamin yaratadi.
