Tibbiy turizm va investitsiyalar — O‘zbekiston va Malayziya yangi loyihalarni muhokama qildi
2026-08-06 13:45:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston tomoni tibbiy turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish taklifini bildirdi— jumladan, o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari uchun Malayziyaning ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarida o‘quv treninglari tashkil etish, shuningdek, ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida B2B formatidagi uchrashuvlar o‘tkazish ilgari surildi.
Shu bilan birga, Malayziya tomoniga mehmonxona va restoran biznesiga — jumladan, mehmonxonalar qurish va Malayziya taomlariga ixtisoslashgan restoranlar ochishga — investitsiya jalb qilish taklif etildi. Malayziya delegatsiyasi O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholab, o‘z mamlakatidagi tadbirkorlar bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda Malayziya kompaniyasi Toshkentda o‘tkaziladigan xalqaro turizm yarmarkasi — TXTY-2026 da milliy stend bilan ishtirok etishga taklif qilindi. Kompaniya vakillari bu tashabbusga qiziqish bildirib, tadbirda qatnashishga tayyor ekanini tasdiqladi.
Uchrashuv chog‘ida Malayziya tomoni 2027-yil oktyabr oyida Toshkentda o‘tkazish rejalashtirilayotgan Malayziya – O‘zbekiston xalqaro "Halol" festivali haqida ham ma’lumot berildi. Festival Malayziyaning MATRADE va "Halol" industriyasini rivojlantirish korporatsiyasi (HDC) bilan birgalikda tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Malayziya tomoni festivalga tayyorgarlik doirasida — mehmonxona, tadbir maydonlari va ichki transport bo‘yicha imtiyozli tariflar hamda uskunalarni vaqtincha olib kirish tartibini soddalashtirish bo‘yicha ko‘mak so‘radi.
Uchrashuv yakunida Malayziya tomoni qo‘mitaga ko‘mak talab qiladigan taklif va masalalar ro‘yxatini yuborishi, qo‘mita esa ularni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqishi bo‘yicha kelishib olindi.


