O‘zbekistonning yetakchi turoperatorlari “SIMCC” delegatsiyasi bilan “STEAM AHEAD” va “YALA” xalqaro tadbirlariga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi
2026-08-05 17:20:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida xorijiy ishtirokchilarni kutib olish, logistika, ekskursiya xizmatlarini tashkil etish hamda mazmunli madaniy dastur shakllantirish bilan bog‘liq tashkiliy va texnik masalalar ko‘rib chiqildi. Mazkur tadbirlarda dunyoning 40 ta davlatidan 2 mingdan ortiq ishtirokchi, shuningdek, 1 mingdan ziyod ota-onalar, pedagoglar, hamkor davlatlar vakillari, tashkilotchilar va faxriy mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Uchrashuvda xorijiy mehmonlarni O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi va zamonaviy turistik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgan turistik dasturga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, ishtirokchilar uchun “Afrosiyob” yuqori tezlikdagi poyezdi orqali Samarqandga sayohat tashkil etilib, Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi, Shohi Zinda majmuasi, Bibixonim masjidi hamda mashhur Siyob bozori kabi dunyoga mashhur tarixiy obidalarni ziyorat qilish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, dastur doirasida interaktiv madaniy tadbirlar kuni tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Uning doirasida mehmonlar o‘zbek palovi va milliy non tayyorlash bo‘yicha mahorat darslarida qatnashish, kulolchilik, kashtachilik va gilamdo‘zlik san’ati bilan tanishish, shuningdek, milliy musiqa va raqs dasturlaridan bahramand bo‘lish imkoniga ega bo‘ladilar. Dasturdan mamlakatning betakror tabiati va turistik salohiyatini namoyish etishga qaratilgan tabiat qo‘yniga ekskursiya ham o‘rin olgan.
Uchrashuv ishtirokchilari “STEAM AHEAD Global Finals” va “YALA” tadbirlarini o‘tkazish nafaqat muhim xalqaro ta’lim voqeasi, balki O‘zbekistonning turistik brendini xalqaro maydonda targ‘ib qilish, madaniy almashinuvni kengaytirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun ham muhim imkoniyat bo‘lishini ta’kidladilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish va barcha ishtirokchilar hamda mehmonlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.






