Turizmning faol turlarini rivojlantirish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqildi
2026-08-04 15:25:00 / Yangiliklar

Hujjatni tayyorlash jarayonida tog‘li mamlakatlar — Shveytsariya, Avstriya, Fransiya, Gruziya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston tajribasi o‘rganilib, shuningdek, sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va ko‘ngilli qutqaruvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Loyihada faol turizmni rivojlantirishning 6 ta asosiy maqsadini belgilab olish ko‘rib chiqilmoqda. Unga ko‘ra sayyohlarning hayoti, sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash ustuvorligi, hududlarning tabiiy-geografik salohiyatidan to‘liq foydalanish asosida turistik xizmatlarni diversifikatsiya qilish, xalqaro va milliy xavfsizlik standartlarini joriy etish, sohadagi ruxsat berish tartib-taomillarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish va yengillashtirish, malakali yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda tadbirkorlik subyektlari va notijorat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarga urg‘u qaratilgan.
Faol turizm salohiyati yuqori bo‘lgan 162 ta tabiiy obyekt ro‘yxati shakllantirildi. Ular 5 ta hudud — Toshkent (77 ta), Surxondaryo (30 ta), Samarqand (22 ta), Qashqadaryo (20 ta) va Jizzax (13 ta) viloyatlari kesimida guruhlangan. Ro‘yxatga 88 ta tog‘ va tog‘ tizmasi, 21 ta ko‘l, 20 ta sharshara, 18 ta g‘or va grot hamda 15 ta cho‘qqi kiritilgan. Har bir obyekt bo‘yicha uning turi, joylashgan tumani va geografik bog‘lanishi aniqlashtirilgan.
Loyihada faol turizmni rivojlantirish bo‘yicha zarur infratuzilmani yaxshilash, xizmat turlarini kengaytirish va sohani targ‘ib qilishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanishi nazarda tutilgan.
Faol turizm bilan shug‘ullanishning yagona tartibi belgilanadi
Qaror qabul qilingach, Turizm qo‘mitasi bir oy muddatda faol turizm bilan shug‘ullanish tartibini belgilovchi nizom loyihasini ishlab chiqadi. Mazkur hujjat faol turizmni tashkil etish va boshqarishning yagona huquqiy asosini yaratishga xizmat qiladi.
Loyihaga ko‘ra, ekstremal turizm obyektlari alohida tartib asosida tashkil etiladi. Ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, foydalanishga qabul qilish va hisobini yuritish tizimi joriy etiladi. Shuningdek, amaldagi hujjatlarga ziplayn, rodelban, banji-jamping, taypark va osma ko‘prik kabi ekstremal attraksion turlarini kiritish rejalashtirilgan.
Yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar xalqaro standartlar asosida tayyorlanadi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Turizm qo‘mitasi hamda soha mutaxassislari bilan birgalikda yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarni tayyorlash dasturini ishlab chiqadi. Malaka oshirish va sertifikatlash tizimi joriy etilib, o‘quv dasturlari Xalqaro alpinizm va tog‘ga chiqish federatsiyasi (International Climbing and Mountaineering Federation — UIAA), Xalqaro tog‘ yo‘lboshchilari uyushmalari ittifoqi (Union of International Mountain Leader Associations — UIMLA) va Xalqaro tog‘ gidlari uyushmalari federatsiyasi (International Federation of Mountain Guides Associations — IFMGA) xalqaro standartlari asosida shakllantiriladi.
Ixtisoslashtirilgan o‘quv kurslari Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Loyihada tog‘li va chegara oldi hududlariga tashrif tartibi sezilarli soddalashtirilmoqda. Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari ikki oy muddatda mahalliy aholi va xorijiy turistlar uchun talab qilinadigan maxsus ruxsatnomani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 10 kun muddatda olish imkoniyatini joriy qiladi. Raqamli texnologiyalar vazirligi ushbu xizmatni milliy turizm yagona platformasiga integratsiya qilishni tashkil etadi.
Kichik aviatsiya faol turizmning yangi yo‘nalishiga aylanadi
Loyihada kichik aviatsiyani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi ushbu sohada davlat regulyatori etib belgilanadi hamda havo kemalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, sertifikatlash, texnik xizmat ko‘rsatish, mutaxassislar tayyorlash va parvozlar xavfsizligini nazorat qilish bo‘yicha 6 ta qo‘shimcha vakolatlarga ega bo‘ladi.
“Agentlik ICAO talablari asosida sertifikatlangan maksimal uchish og‘irligi 5700 kg gacha bo‘lgan (vertolyotlar uchun 2250 kg gacha) havo kemalari faoliyatini tartibga soluvchi aviatsiya qoidalarini ishlab chiqadi. Bundan tashqari, Transport vazirligi uch oy muddatda kichik aviatsiya havo kemalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, sertifikatlash va texnik ko‘rikdan o‘tkazishning soddalashtirilgan hamda shaffof tartibini, olti oy muddatda esa ICAO Rim konvensiyasi tamoyillari asosida uchinchi shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash uchun majburiy sug‘urta tizimini joriy etish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqadi.
“Yo‘l xaritasi”da samoviy hududdan foydalanish to‘g‘risidagi nizomga U-space, G-space va W-space havo hududi toifalarini kiritish, vazni 115 kg gacha bo‘lgan apparatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyatidan ozod qilish (ICAO 103-qism tajribasi), yengil havo kemalari uchun “Havaskorlik” toifasini joriy etish, “Kichik aviatsiya” yagona integratsiyalashgan elektron platformasini yaratish, shuningdek kichik aviatsiya uchuvchilari zaxirasini shakllantirish bo‘yicha “Cadet program”ni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.
Hududlarda foydalanishdan chiqarilgan uchish-qo‘nish yo‘laklari (aerodromlar) ni faol turizm maqsadida qayta ishga solish, ularni obodonlashtirib, tadbirkorlik subyektlari va tashabbuskorlarga ijaraga berish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, faol turizm yo‘nalishida o‘quv kurslari tashkil etish uchun notijorat tashkilotlar va tadbirkorlarga bino va inshootlar ijaraga beriladi.
Faol turizm tadbirkorlari qo‘llab-quvvatlanadi va infratuzilma rivojlantiriladi
2027 yil 1 yanvardan 2030 yil 1 yanvargacha faol turizm yo‘nalishida foydalaniladigan avtomobillar, asbob-uskunalar va anjomlari importini bojxona bojidan ozod etish taklif etilmoqda. Ro‘yxatga jami 40 ga yaqin pozitsiya kiritilgan: kvadrotsikl, UTV, SSV va baggi turidagi yo‘lsiz transport vositalari, yo‘ltanlamas avtomobillar, avtokemperlar va gidrotsikllar, shuningdek parashyut va paraplanlar, deltaplanlar, aeronavigatsiya asboblari, tog‘ va alpinizm anjomlari, suv turizmi jihozlari, portativ ratsiya va boshqa vositalar nazarda tutilgan. Ushbu imtiyoz sohada yangi xizmatlarni yo‘lga qo‘yish va tadbirkorlarning xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, tanlab olingan faol turizm obyektlarining yo‘l, muhandislik va boshqa zarur infratuzilmasini yaxshilash ishlari 2027 yildan boshlab davlat dasturlariga bosqichma-bosqich kiritiladi. Loyiha davlat budjeti, xalqaro grantlar, xususiy investitsiyalar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi mumkin.
Yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida respublikaning tog‘li hududlarida, jumladan “Chorvoq”, “Zomin” va “Qamchiq” dovoni yo‘nalishlarida avtobus va mikroavtobuslar harakatlanishining alohida tartibi belgilanadi. Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi ishtirokida esa faol turizm xizmatlarini sug‘urtalash bo‘yicha xorijiy tajribaga asoslangan taklif ishlab chiqiladi.
Qaror loyihasida nazarda tutilgan chora-tadbirlar mamlakatda faol va ekstremal turizmni rivojlantirish, yangi turistik mahsulotlarni yaratish, hududlarning turizm salohiyatidan yanada samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish hamda sayyohlar xavfsizligini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmoqda. Fikr, mulohaza va takliflaringizni quyidagi havola orqali yuborishingiz mumkin.
