Qirg‘iziston fuqarolari O‘zbekistonda 15 kungacha ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lishlari mumkin
2026-07-31 16:05:00 / Yangiliklar

Mazkur hujjat 30-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha imzolandi. Ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi davlat rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Bayonnoma ikki davlat fuqarolarining o‘zaro safarlari tartibini yanada liberallashtirish, qo‘shni davlat hududida bo‘lish qoidalarini soddalashtirish hamda turizm, chegaradosh hududlar hamkorligi, savdo, ishbilarmonlik aloqalari va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Hujjatga muvofiq, Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari davlat chegarasini kesib o‘tgan kundan boshlab 15 sutka davomida qabul qiluvchi davlatning vakolatli organlarida doimiy va (yoki) vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish majburiyatidan ozod etiladi.
Mazkur yangilik o‘zaro turistik oqimning yanada ortishiga qo‘shimcha turtki beradi. Safarning dastlabki ikki haftasida ro‘yxatdan o‘tish talab etilmasligi sayyohlarga turistik, oilaviy va xizmat safarlarini yanada erkin rejalashtirish imkonini yaratadi. Bu esa Markaziy Osiyoda mintaqaviy turizm jadal rivojlanayotgan bugungi sharoitda alohida ahamiyat kasb etadi.
Qirg‘iziston O‘zbekistonga eng ko‘p sayyoh yuboruvchi mamlakatlardan biri hisoblanadi. 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga 1,9 millionga yaqin Qirg‘iziston fuqarosi tashrif buyurdi. Bu ko‘rsatkich Qirg‘izistonni mamlakatning yetakchi turizm bozorlaridan biriga aylantirmoqda.
