Tadbirkorlar diqqatiga: zamonaviy suzish havzalari (basseynlar) qurganlarga subsidiya to‘lab beriladi
2026-07-31 12:30:00 / Yangiliklar

Hukumat qarori bilan “Yangi zamonaviy suzish havzalarini (basseyn) qurish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Endilikda zamonaviy suzish havzasi qurishni rejalashtirayotgan tadbirkorlar qurilish va ishga tushirish xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 100 million so‘mdan oshmagan qismini davlat tomonidan qoplab olish imkoniyatiga ega.
Mazkur qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida 2026-yil 1-fevraldan 2028-yil 1-yanvargacha foydalanishga topshiriladigan dastlabki 100 ta zamonaviy suzish havzasi uchun subsidiya ajratiladi.
Subsidiyadan foydalanish uchun talabgor:
soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdor bo‘lmasligi;
qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida bo‘lmasligi;
faoliyati qonunchilikka muvofiq vaqtincha to‘xtatilmagan bo‘lishi;
sud qarori bilan to‘lovga qobiliyatsiz deb topilmagan bo‘lishi lozim.
Ariza Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali Turizm qo‘mitasiga taqdim etiladi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
suzish havzasining loyiha hujjatlari nusxasi;
qurilish va ishga tushirish bo‘yicha pudrat shartnomasi nusxasi;
amalga oshirilgan to‘lovlarni tasdiqlovchi elektron hujjatlar.
Turizm qo‘mitasi xarajatlarni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilganidan so‘ng 10 ish kuni ichida subsidiya mablag‘lari talabgorning hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.
Hurmatli tadbirkorlar! Zamonaviy suzish havzalari nafaqat sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, balki hududlarda turizm va sport infratuzilmasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda daromadli biznesni yo‘lga qo‘yish uchun istiqbolli yo‘nalishlardan biridir. Davlat tomonidan taqdim etilayotgan ushbu imkoniyatdan samarali foydalanib, o‘z loyihangizni bugunoq amalga oshirishni boshlang.
