“Do‘stlik” festivali O‘zbekistonning madaniy turizm salohiyatini namoyon etmoqda
2026-07-28 15:15:00 / Yangiliklar

Xususan, Toshkent shahrida 23–31-iyul kunlari davom etayotgan “Do‘stlik” festivali mahalliy aholi bilan bir qatorda xorijiy sayyohlar uchun ham yorqin madaniy voqeaga aylandi. Festival mehmonlari turli millat va elatlar madaniyati, urf-odatlari, milliy taomlari, xalq amaliy san’ati hamda an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
28-iyul kuni Milliy madaniy markazlar pavilyonida ochilgan “O‘zbekiston — bag‘rikeng diyor” fotoko‘rgazmasi Toshkent shahrida festivalning muhim voqealaridan biri bo‘ldi. Ko‘rgazmada yurtimizda yashayotgan turli millat va elat vakillarining madaniyati, urf-odatlari, an’analari hamda turmush tarzi aks ettirilgan suratlar namoyish etilmoqda. Mazkur ekspozitsiya O‘zbekistonning tinchlik, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan jamiyatini namoyon etadi.
29-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan “Dasturxonlar do‘stligi” milliy taomlar ko‘rgazmasi, milliy liboslar namoyishi va raqs kechasi esa gastronomik hamda madaniy turizmni rivojlantirishga xizmat qiluvchi yorqin tadbirlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.



