G‘ijduvonda “G‘ijduvon kulolchiligi va pazandalari” festivali bo‘lib o‘tadi
2026-07-22 17:10:00 / Yangiliklar

Festival dasturi doirasida mehmonlar va sayyohlar G‘ijduvon kulolchilik maktabiga mansub mohir ustalarning amaliy mahorat darslarini kuzatish, zargarlik, temirchilik, yog‘och o‘ymakorligi, gilamchilik, kashtachilik kabi milliy hunarmandchilik ko‘rgazmalari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, hunarmandlar mahsulotlari yarmarkasi tashkil etilib, mahalliy ustalarning betakror ishlari namoyish etiladi.
Tadbir mehmonlari G‘ijduvonning mashhur milliy taomlari va pazandalik an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar. Festival doirasida 35 xil taom sayli, “Kofe-choy” festivali, pazandalik namoyishlari, folklor jamoalari ishtirokida konsert dasturlari, milliy sport o‘yinlari, xalq sayillari hamda turli tanlovlar o‘tkazilib, g‘oliblar tantanali ravishda taqdirlanadi.
Mazkur festival milliy hunarmandchilik, gastronomik turizm va boy madaniy merosimizni keng targ‘ib qilish, shuningdek, G‘ijduvonning turizm salohiyatini mahalliy va xorijiy sayyohlar orasida yanada ommalashtirishga xizmat qiladi.
Barcha yurtdoshlar va xorijiy mehmonlarni ushbu festivalda ishtirok etishga taklif etamiz.
