Namanganda 65-Xalqaro “Gullar festivali” g‘oliblari taqdirlandi
2026-07-13 11:45:00 / Yangiliklar

Shu yil 24-may sanasida boshlangan 65-xalqaro “Gullar festivali” 50 kun davomida nafosat ishqibozlari uchun chinakam bayram bo‘ldi: dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, aynan festivalda ishtirok etish uchun Namanganga kelgan xorijiy turistlar soni 1 million 100 ming nafardan, mahalliy sayyohlar esa 7,5 million nafardan oshdi.
Har yili nafaqat yurtimiz, balki xorijdan ham minglab sayyohlarni jalb etadigan mazkur festivalga tayyorgarlik doirasida shaharga 150 milliondan ortiq tup gul ekildi. Bu yilgi 65-Xalqaro “Gullar festivali”ning o‘ziga xos va tarixiy jihati shundaki, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hamda uning atrofida jamoa tomonidan bir oy davomida 30 millionga yaqin gul ko‘chatlari ekilib, “Jamoa tomonidan bir oy davomida eng ko‘p ekilgan gul” yo‘nalishida “Guinness World Records” ro‘yxatiga kiritildi.
Festival kunlari Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga tashrif buyurgan Namangan shahri mehmonlariga xorijiy va mahalliy ishtirokchilar tomonidan maxsus maydonlarda tabiiy gullardan yaratilgan turli kompozitsiyalar, dizayn va dekoratsiyalar namoyish etildi.
65-Xalqaro “Gullar festivali” doirasida 100 dan ortiq madaniy tadbirlar – jahon va milliy estrada yulduzlari ishtirokida konsertlar, Fashion Week 2026 – yirik modalar haftaligi, xalqaro va mahalliy sport musobaqalari, ilmiy-amaliy konferensiyalar va seminarlar, kattalar va bolalar uchun spektakllar va sirk tomoshalari, xalqaro hunarmandchilik ko‘rgazmalari, kulgu kechalari, gastronomik turizm tadbirlari, “Lavanda sayli” va dron-shoular o‘tkazildi.
Festivalning tantanali yopilish marosimda turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topilgan mahallalar, korxona va tashkilotlar, hokimliklar hamda gulchilarga pul mukofotlari, shuningdek, bosh sovrin – zamonaviy avtomashinalar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir viloyat san’at ustalari hamda taniqli xonandalar ishtirokidagi katta konsert dasturi yakunida maftunkor mushakbozlik bilan shodiyona barchaga quvonch ulashdi.









