Turizm targ‘ibotida yangi qadam: xorijiy filmlarni O‘zbekistonda tasvirga olish bo‘yicha “rebate” dasturi ishga tushirildi
2026-07-10 10:25:00 / Yangiliklar

Qarorga muvofiq, mamlakatda ilk bor ikki muhim yo‘nalish kompleks tarzda amalga oshiriladi. Birinchi yo‘nalish — xorijiy kinokompaniyalarning O‘zbekiston hududida filmlar suratga olish bilan bog‘liq xarajatlarining bir qismini qoplash bo‘yicha “rebate” dasturi, ikkinchisi esa xorijiy filmlarda O‘zbekistonning turistik jozibadorligi, tarixiy-madaniy merosi va boshqa ijobiy jihatlarini namoyish etuvchi epizodlarni yaratganlik uchun “country placement” tizimi hisoblanadi.
“Rebate” dasturi doirasida xorijiy kinokompaniyalarga ularning mamlakat hududida amalga oshirgan xarajatlari hajmiga qarab mablag‘larning bir qismi qaytariladi. Jumladan:
3 mlrd so‘mgacha bo‘lsa – 10 foiz;
3 mlrd so‘mdan 5 mlrd so‘mgacha bo‘lsa – 15 foiz;
5 mlrd so‘mdan 10 mlrd so‘mgacha bo‘lsa – 20 foiz;
10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lsa – 25 foiz, biroq bitta film uchun 4 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.
2026-yil 1-noyabrga qadar mamlakatning kinolokatsiyalari, infratuzilmasi va kinoturizm imkoniyatlari haqidagi ma’lumotlarni jamlaydigan “Film in Uzbekistan” raqamli platformasi ishga tushiriladi. Shuningdek, mahalliy kinolokatsiyalar xalqaro kino ko‘rgazmalarida targ‘ib qilinadi, xorijiy kinokompaniyalar O‘zbekistonga jalb etiladi hamda ularga tashkiliy va konsalting xizmatlari ko‘rsatiladi.
Turizm qo‘mitasiga 2026-yil 1-oktyabrga qadar filmlar tasvirga olish uchun jalb etilishi mumkin bo‘lgan davlat obyektlari, tarixiy yodgorliklar, madaniyat va istirohat bog‘lari, rekvizitlar, tarixiy liboslar, maxsus texnikalar ro‘yxatini shakllantirish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, mazkur obyektlardan vaqtincha foydalanish va ijara tariflari tasdiqlanib, ularning barchasi “Film in Uzbekistan” platformasiga joylashtiriladi.
Qarorga muvofiq, 2026-yilda respublika budjeti mablag‘lari hisobidan xorijiy kinokompaniyalarning xarajatlarini qoplash uchun 5 mlrd so‘m ajratiladi. 2027-yildan boshlab ushbu mablag‘lar Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda alohida nazarda tutiladi.
Yangi tizimning yana bir muhim jihati – barcha jarayonlarning raqamlashtirilishi hisoblanadi. Arizalar elektron platforma orqali qabul qilinadi, muvaffaqiyatli verifikatsiyadan so‘ng har bir loyihaga maxsus ID raqam va QR-kod beriladi. Suratga olish ishlari tugagach, talabgor 60 kun ichida barcha tasdiqlovchi hujjatlarni platformaga yuklaydi. Komissiya hujjatlarni 15 ish kuni davomida ko‘rib chiqadi. Kamchiliklar aniqlansa, ularni bartaraf etish uchun 10 kun muddat beriladi. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda mablag‘lar xorijiy kinokompaniya hisob raqamiga 5 ish kuni ichida o‘tkaziladi.
