Mehmondo‘stlik sohasida xalqaro standartlar bo‘yicha o‘quv-treninglar tashkil etilmoqda
2026-06-23 17:10:00 / Yangiliklar

Ana shu maqsadda Butunjahon turizm tashkiloti shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi tashabbusi bilan 22–24-iyun kunlari Navoiy viloyatida mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari xodimlari uchun “Front Office” hamda “Housekeeping” yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshirish o‘quv-treninglari tashkil etilmoqda.
Mazkur o‘quv dasturi mehmondo‘stlik sohasida xalqaro xizmat ko‘rsatish standartlarini amaliyotga joriy etish, xodimlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda mehmonlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishga qaratilgan.
Treninglar davomida mehmonxona rahbarlari, administratorlar, resepsion xodimlar, housekeeperlar va boshqa mutaxassislar mehmonlarni kutib olish va ularga xizmat ko‘rsatishning zamonaviy usullari, mijozlar bilan samarali muloqot, xizmat sifati nazorati, mehmonxona xonalarini xalqaro talablar asosida tayyorlash va boshqarish kabi yo‘nalishlarda bilimlarini mustahkamlamoqda.
Bugungi kunda dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, turizmni rivojlantirishning eng muhim omillaridan biri — inson kapitaliga investitsiya kiritishdir. Malakali va professional kadrlar sayyohlarning mamnunligini ta’minlaydi, xizmatlar sifatini oshiradi hamda mamlakatning turistik imijini mustahkamlaydi. Shu jihatdan bunday o‘quv-treninglar nafaqat alohida mutaxassislarning malakasini oshirish, balki butun turizm tarmog‘ining raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarda kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki yuqori malakali mutaxassislar — sifatli xizmat, sifatli xizmat esa mamlakatga ko‘proq sayyohlar oqimi va turizm daromadlarining o‘sishi demakdir.
Navoiy viloyatida tashkil etilgan mazkur treninglar ham aynan shu maqsadga xizmat qilib, mehmondo‘stlik madaniyatini yuksaltirish, turizm infratuzilmasini mustahkamlash hamda O‘zbekistonning xalqaro turistik jozibadorligini yanada oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Turizm sifatini oshirish esa, avvalo, malakali mutaxassislarni tayyorlashdan boshlanadi.









