Zominda navbatdagi “Zaamin Ultra” xalqaro ultramarafoni o‘tkazildi
2026-06-15 18:30:00 / Yangiliklar

Ikki kunlik dasturning birinchi kunida bolalar yugurishlari, 2 km masofaga yugurish, kemping, kechki konsert dasturi hamda “Avvalgidan tozaroq” tashabbusi doirasida plogging (yugurish davomida chiqindilardan tozalash) ekologik poygasi o‘tkazildi.
Musobaqaning ikkinchi kunida soat 06:00 dan asosiy masofalarga start berildi. Ishtirokchilar 5 km, 10 km, 21 km va 50 km masofalarda bahslashishdi. Tadbirning bosh sinovi — 1638 metr balandlikdagi 50 km masofaga tog‘ ultramarafoni bo‘lib, unga belgilangan malaka talablari sababli u eng murakkab yo‘nalish hisoblanadi.
Ushbu masofaga qiziqish ortib, ishtirokchilar soni o‘tgan yilgi 62 nafardan joriy yilda qariyb ikki barobarga ko‘paydi va 170 nafarga yaqinlashdi. Bundan tashqari, ushbu 50 km masofa shu yilning Orol dengizi sohilida bo‘lib o‘tadigan yangi “Aral Ultra” bosqichi uchun saralash vazifasini o‘tadi.
Barcha ishtirokchilar marafonda faol va muvaffaqiyatli qatnashib, belgilangan masofalarni bosib o‘tdilar. Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, munosib taqdirlandi.
Tadbirni keng yoritish maqsadida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari hamda mashhur blogerlar uchun maxsus press-tur tashkil etildi. Press-tur ishtirokchilari ultramarafonning o‘tkazilish jarayoni, Zomin milliy tabiat bog‘ining turistik infratuzilmasi, hududning tabiiy diqqatga sazovor maskanlari va faol turizm imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Safar davomida mehmonlarga Zominning turistik salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, hududni O‘zbekistondagi yetakchi ekoturizm va sport turizmi markazlaridan biri sifatida targ‘ib etishga qaratilgan loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
“Zaamin Ultra” marafoni sport va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shuningdek, Zominning tabiiy go‘zalligini va turizm salohiyatini xalqaro miqyosda keng tanitishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ma’lumot uchun, “Samarkand Marathon Series” turkumidagi navbatdagi tadbirlar “Sky Camp Bo‘stonliq”, “Aral Ultra” va “Samarkand Marathon” musobaqalari bilan davom etadi.









