OAV vakillari va blogerlar Farg‘ona viloyatining turizm salohiyati bilan tanishdilar
2026-06-09 17:50:00 / Yangiliklar

Press-tur ishtirokchilari bir necha kun mobaynida viloyatning diqqatga sazovor joylarini, jumladan tarixiy yodgorliklar, me’moriy majmualar, hunarmandchilik ustaxonalari, shuningdek go‘zal tabiat go‘shalarini ziyorat qilishdi. Mehmonlar mahalliy aholining urf-odatlari, turmush tarzi va yashash sharoitlari bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Safar Qo‘qon shaharning ramzlaridan biri hisoblangan Xon saroyini ziyorat qilishdan boshlandi. Xon saroyi o‘zining betakror me’moriy uslubi, nafis bezaklari va boy tarixi bilan mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Saroy hududida joylashgan muzey eksponatlari orqali ishtirokchilar Qo‘qon xonligi davridagi siyosiy, madaniy va ijtimoiy hayot haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Infratuzilmani rivojlantirish, oilaviy mehmon-uylarini qo‘llab-quvvatlash, ekologik turizm va nomoddiy madaniy merosni saqlashga alohida e’tibor qaratildi. OAV vakillari va blogerlarga O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli turizm loyihalarining namunalari ko‘rsatib berildi. Jumladan, press-tur ishtirokchilari Marg‘ilon shahridagi “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida barpo etilgan madaniyat hamda xizmat ko‘rsatish obyektlari bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 1-apreldagi qarori asosida barpo etilgan “Burhoniddin Marg‘inoniy” majmuasi milliy me’morchilik an’analari, Marg‘ilon tarixi va zamonaviy turizm talablari uyg‘unlashgan qadim shahar ichidagi shaharchadir. 35 gektar maydonni egallagan majmuada sayyohlar uchun barcha qulayliklar yaratilmoqda. Bu yerda mehmonxona, karvonsaroy, savdo va xizmat ko‘rsatish binolari, hunarmandlar markazi, milliy bozor va muzeylar qurib bitkazilgan.
Buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniyning boy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish majmuaning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Shu bilan birga, hududda qadimiy hunarmandchilik an’analarini saqlash, ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Majmuada “Otabek va Kumush uyi” muzeyi ham tashkil etilgan. Uning devorlarida “O‘tkan kunlar” romani sahnalari jonlantirilib, adabiyot va tarixni uyg‘unlashtirgan noyob muhit yaratilgan. Shuningdek, maqom teatri, shoir va rassomlar xiyoboni hamda kutubxona ham joy olgan.
Kelgusida bu yerda biznes markaz, 1500 o‘rinli masjid, mehmonxonalar, 400 ta savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtasi hamda 300 o‘rinli bozor tashkil etiladi. Majmua to‘liq ishga tushgach, viloyatga yiliga o‘rtacha 200-250 ming nafar xorijiy sayyoh jalb etilishi kutilmoqda.
Press-tur ishtirokchilari lavanda hamda boshqa turdagi giyoh va o‘simliklar yetishtiriladigan Salomatlik bog‘iga ham tashrif buyurishdi. Uchko‘prik tumanidagi “Mehrigiyo” oilaviy korxonasiga qarashli 24 gektar plantatsiyada lavanda, rozmarin, noyob turdagi atirgullar, banan, kivi, kofe daraxtlari o‘stirilyapti. Plantatsiya va issiqxonalarda 100 foiz tabiiy mahsulot yetishtiriladi. Tibbiy maqsadda turli preparatlar, choy va parfyumeriya vositalari tayyorlanmoqda.
Ishtirokchilar lavanda bog‘larining betakror go‘zalligidan bahramand bo‘lib, maxsus retsept asosida tayyorlangan lavandali muzqaymoq va salqin ichimliklardan tatib ko‘rishdi.
Press-tur davomida OAV vakillari va blogerlar ishtirokida, shuningdek, Farg‘onaning turistik salohiyatini keng jamoatchilikka namoyish etish maqsadida “Farg‘ona blogerlar nigohida” nomli seminar-trening tashkil etildi. Ishtirokchilar seminar-trening davomida zamonaviy media vositalari orqali turizmni targ‘ib qilish, sifatli kontent yaratish va ijtimoiy tarmoqlarda samarali kommunikatsiya olib borish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashdilar. Mutaxassislar tomonidan turistik obyektlarni foto va videotasvirga olish, auditoriya e’tiborini jalb etuvchi materiallar tayyorlash hamda hududning turizm brendini shakllantirish masalalari yuzasidan tavsiyalar berildi.
Safar yakunida press-tur ishtirokchilarida Farg‘ona viloyati o‘zining betakror madaniyati, aholisining mehmondo‘stligi, sayohat yo‘nalishlarining xilma-xilligi hamda ichki va xalqaro turizmni rivojlantirish imkoniyatlari bilan ularda yorqin taassurot qoldirdi. Ular tomonidan tayyorlanadigan maqolalar, videolavhalar va ijtimoiy tarmoqlardagi materiallar Farg‘ona viloyatining sayyohlik jozibadorligini oshirishga, mahalliy va xorijiy turistlar oqimini yanada ko‘paytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.









