Turizm sohasida raqamli texnologiyalar va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-06-05 16:00:00 / Yangiliklar

“TIRAIN Technologies” kompaniyasi bosh ofisi Sian shahrida, filiali esa Gonkongda joylashgan bo‘lib, kompaniya aqlli shaharlar konsepsiyasi, turizm obyektlarini raqamlashtirish, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun immersiv sayohat mahsulotlarini yaratish hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar orqali turistik targ‘ibot ishlarini tashkil etish sohalarida faoliyat yuritadi.
Muzokaralar chog‘ida kompaniya tomonidan amalga oshirilgan qator loyihalar taqdim etildi. Xususan, Gonkong shahrining “Aqlli shahar” loyihasi, aqlli transport tizimlari, infratuzilma obyektlari, jamoat transporti, avtomobil yo‘llari va binolarning yuqori aniqlikdagi 3D modellari yaratilgani haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, Sian shahrida joylashgan mashhur Terrakota armiyasi muzeyining 3D raqamli modeli hamda turli turistik obyektlar bo‘yicha virtual tur loyihalari namoyish etildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda turizmni jadal rivojlantirish uchun belgilangan ustuvor hududlarda turistik infratuzilmani takomillashtirish, turizm obyektlarini raqamlashtirish va ularning bosh rejalarini ishlab chiqish jarayonlarida “TIRAIN Technologies” kompaniyasi bilan hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun Xitoyning “Bir kamar — bir yo‘l” tashabbusi doirasida turistik infratuzilma obyektlarini moliyalashtirish imkoniyatlarini o‘rganish masalalari ham ko‘rib chiqildi.





