Mashhur “Rotana” mehmonxonalar brendi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda
2026-06-03 09:25:00 / Yangiliklar

Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov hamda “Rotana Hotel Management Corporation PJSC” kompaniyasining Strategiya bo‘yicha direktori Amna al-Novays o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mehmonxonalar infratuzilmasining jadal rivojlanishi va xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar xususida fikr almashdilar.
Kompaniya vakillariga mamlakatimizda mehmonxonalarga bo‘lgan talabning o‘sishi, yangi turistik yo‘nalishlar va ziyorat turizmi imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, Samarqand viloyatida barpo etilgan Imom al-Buxoriy majmuasi hamda uning atrofida shakllantirilayotgan zamonaviy turistik infratuzilma taqdimoti o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida Amna al-Novays O‘zbekistonda turizm sohasida erishilayotgan natijalarni yuqori baholab, kompaniya mamlakat bozoriga bir nechta nufuzli brendlar orqali kirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Jumladan, turli toifadagi mehmonlar talablarini qondirish maqsadida yuqori toifali mehmonlar uchun mo‘ljallangan 5 yulduzli “Rotana Hotels & Resorts”, 4 yulduzli “Edge by Rotana” hamda zamonaviy va qulay formatdagi 3 yulduzli “Centro Hotels by Rotana” brendlari bilan O‘zbekistonda faoliyat boshlashi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Bu tashabbus mamlakatimiz turizm infratuzilmasini yanada takomillashtirish, xizmatlar sifatini xalqaro standartlarga muvofiq oshirish hamda xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Uchrashuv yakunida kompaniya rahbariyatining Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi hamda O‘zbekistonga tashrif doirasida mamlakatimizdagi mehmonxona obyektlari bilan yaqindan tanishishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

