Buxoroda turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-06-02 22:35:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida turizm sohasi vakillari tomonidan sohadagi mavjud muammolar va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlariga oid qator masalalar muhokama qilindi. Xususan, turoperatorlar faoliyatiga tatbiq etilayotgan qo‘shimcha qiymat solig‘i bo‘yicha yengilliklar yaratish, turizm obyektlariga olib boruvchi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, qo‘shimcha temir yo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘yish hamda turizmda mavsumiylik ta’sirini kamaytirish masalalari yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
Mutasaddi tashkilotlar vakillari tomonidan ushbu masalalar yuzasidan amaldagi qonunchilik hujjatlari va davlat standartlari asosida batafsil tushuntirishlar berildi.
Ochiq muloqot yakunida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan murojaat va takliflar tegishli tashkilotlarga yo‘naltirilib, ularni o‘rganish hamda amaliy yechimlar ishlab chiqish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
Ta’kidlash joizki, mazkur uchrashuv turizm sohasidagi tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarni joyida o‘rganish, soha vakillarining fikr va tashabbuslarini inobatga olish hamda davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.









