“Orol dengiziga poyezd” aksiyasi yoshlarni turizm va ekologiya atrofida birlashtirmoqda
2026-05-20 19:50:00 / Yangiliklar

Toshkent shahridagi Janubiy vokzalda boʻlib oʻtgan kuzatuv marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi vakillari ishtirokchilarga oq yoʻl tilab, bunday tashabbuslar ichki turizmni rivojlantirish, yoshlarning ekologik madaniyatini oshirish va Orolboʻyi turizm salohiyatini targʻib etishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Mazkur aksiya “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining ichki va ekologik turizmni rivojlantirish, yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda hududlarning turizm salohiyatini targʻib qilishga qaratilgan ustuvor vazifalari doirasida amalga oshirilmoqda.
Aksiya doirasida mamlakatning turli hududlaridan kelgan yoshlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus, Kegeyli, Qoraoʻzak, Chimboy, Moʻynoq va boshqa tumanlariga tashrif buyuradilar.
Tadbir dasturidan ishtirokchilarni Qoraqalpogʻistonning turistik, madaniy va ziyorat obyektlari bilan tanishtirish oʻrin olgan. Sayohat davomida yoshlar “Shayx Jalil bobo” majmuasi, “Chilpiq” tarixiy yodgorligi va “Dovut ota” ziyoratgohiga tashrif buyuradilar. Shuningdek, ular Orol dengizi tarixi muzeyi, Moʻynoqdagi kemalar qabristoni hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi I.V. Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishadilar.
Bundan tashqari, tashabbus doirasida ekologik aksiyalar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, yosh rassomlar tanlovi, ekologik koʻrgazma, sport musobaqalari va gala-konsert oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda yoshlarni Orolboʻyining tabiiy va turistik salohiyati bilan tanishtirish masalalariga bagʻishlanadi.
“Orol dengiziga poyezd” aksiyasi yoshlarni Orolboʻyi hududining tabiiy, madaniy va turistik salohiyati bilan tanishtirish, ichki turizmga boʻlgan qiziqishni oshirish, shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni asrash masalalariga jamoatchilik e’tiborini jalb qilishga qaratilgan.







