Moʻynoqda “Rally Muynak” avtopoygalari o‘tkaziladi
2026-05-20 12:00:00 / Yangiliklar

Musobaqaning noyob maydoni sifatida an’anaviy tarzda Ustyurt platosi va Orol dengizining qurigan tubi tanlangan boʻlib, ular Markaziy Osiyodagi ekstremal avtopoygalar oʻtkazish uchun eng noodatiy tabiiy hududlardan biri hisoblanadi. Har yili ushbu musobaqalar nafaqat professional sportchilar, balki turistlar, fotograflar, blogerlar va ekstremal turizm ixlosmandlari orasida ham katta qiziqish uygʻotadi.
Musobaqalarda texnik xavfsizlik talablariga javob beradigan maxsus jihozlangan sport avtomobillari, baggilar va mototsikllardagi professional sportchilar ishtirok etadi. Bellashuvlar bir nechta toifalarda, jumladan dvigatel hajmi 1600 va 2000 kub santimetrgacha boʻlgan avtomobillar, baggilar hamda turli klassdagi mototsikllar oʻrtasida oʻtkaziladi.
“Rally Muynak” musobaqasining oʻtkazilishi Qoraqalpogʻistonning turistik jozibadorligini oshirish, Orolboʻyi hududining noyob tabiiy merosini targʻib qilish hamda Moʻynoqni Oʻzbekistondagi ekstremal turizmining muhim markazlaridan biri sifatida rivojlantirishga xizmat qiladi.




