Bobur shahrida “Rassomlar festivali” bo‘lib o‘tmoqda
2026-05-20 10:15:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev 2025-yil aprel oyida Andijon viloyatiga tashrifi davomida Bobur shahri milliy madaniyat, san’at, o‘zbekona mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik va hamkorlikni aks ettiruvchi o‘ziga xos maskanga aylanishi kerakligini ta’kidlab, aynan shu shaharda “Rassomlar festivali”ni o‘tkazish tashabbusini ilgari surgan edi.
Bobur shahridagi “Ziyolilar bog‘i”da tashkil etilgan festival davomida mehmonlar rang-barang san’at asarlari, ijodiy ko‘rgazmalar va konsert dasturlaridan bahramand bo‘lmoqda. Ayniqsa, festival kunlarida Andijonning sayyohlik maskanlarida tashrif buyuruvchilar soni sezilarli darajada oshgani kuzatilmoqda.
“Rassomlar festivali” nafaqat san’at ixlosmandlarini, balki ko‘plab mahalliy va xorijiy turistlarni ham viloyatga jalb qilmoqda.
Festivalda Qoraqalpog‘iston va viloyatlardan 200 nafarga yaqin tasviriy san’atning rangtasvir, badiiy foto, haykaltaroshlik va grafika yo‘nalishlarida tajribaga ega ijodkorlar ishtirok etmoqda. Festivalda yo‘nalishlardan kelib chiqib, ijodkorlar “Gran-pri”, “Eng yaxshi rangtasvirchi rassom”, “Eng yaxshi haykaltarosh”, “Eng yaxshi fotorassom”, “Eng yaxshi grafik rassom” nominatsiyalari bo‘yicha mukofotlanadi.
Festival doirasida dasturga ko‘ra, tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha ijodiy asarlar ko‘rgazmalari, taniqli va iqtidorli ijodkorlar ishtirokida mahorat darslari, ijodiy suhbatlar, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bilan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, plenyerlar, amaliy san’at asarlari, hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari, milliy va tarixiy liboslar, badiiy dasturlar namoyishi, diqqatga sazovor maskanlarga sayohat tashkil etilmoqda.
Mazkur madaniy tadbir viloyatning turizm salohiyatini yanada namoyon etib, Andijonni san’at va madaniyat markazlaridan biriga aylantirmoqda.




