Turizm infratuzilmasini raqamlashtirish bo‘yicha yangi start-up loyiha taqdim etildi
2026-05-18 17:50:00 / Yangiliklar

Xususan, mamlakatimizning barcha viloyatlarida nafaqat turistlarni, shu jumladan mahalliy aholimizni ham hordiq chiqarishlari uchun zamonaviy dam olish maskanlari, turistik qishloqlar, mehmonxonalar, restoranlar va boshqa xizmat ko‘rsatish nuqtalari qurilmoqda, shuningdek, mavjud tarixiy obidalar hamda ziyoratgohlar zamonaviy qiyofada ta’mirlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining 58-maqsadi O‘zbekistonda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini oshirish bo‘lib, unga asosan 2030-yilda:
– turizm sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga yetkazish;
– turizm xizmatlari eksportini 6 milliard dollarga yetkazish;
– xorijiy turistlar yillik sonini 20 million nafargacha yetkazish;
– ichki sayyohlarning respublika bo‘ylab 25 millionta safarlarini amalga oshirish kabi ko‘rsatgichlarga erishish kabi vazifalar belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2026-yil 30-apreldagi “Hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va sohada loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-161-son qarorida ham soha rivojlantirishga doir qator islohotlar belgilandi.
Shu bilan birga, mamlakatimizda ko‘rsatiladigan turistik xizmatlarni yangi turlari doirasi ham oshib, ekoturizm, sog‘lomlashtirish (tibbiy) turizmi, madaniy turizm, sarguzasht turizmi kabilar yil sayin ommalashib bormoqda.
Ta’kidlash joizki, bu kabi maskanlarning ko‘payib borishi o‘z navbatida ular haqida to‘liq ma’lumot beruvchi yagona, ishonchli va tizimlashtirilgan ma’lumotlar bazasini shakllantirishni talab qilmoqda.
Shunga asosan, mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida mamlakatimizdagi maskanlar, shu jumladan turistik maskanlar haqida ma’lumot beruvchi “Maskanlar.uz” platformasini respublika miqyosida ommalashtirish va uni turizm sohasini rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim raqamli resurs sifatida joriy etish bo‘yicha start-up loyihasi yoshlar jamoasi tomonidan tayyorlandi.
“Maskanlar.uz” start-up loyihasi O‘zbekiston hududidagi barcha turdagi turistik obyektlar – tarixiy obidalar, ziyoratgohlar, dam olish maskanlari, mehmonxonalar va tur operatorlar haqida ishonchli va tizimlashtirilgan ma’lumotlar bazasini shakllantirishni nazarda tutadi.
Ushbu platformaga barcha foydalanuvchilar registratsiya bo‘lish orqali erkin ma’lumot kiritish imkoniyatiga ega.
Platforma orqali axborot yetkazilishi rejalashtirilgan asosiy kontingent quyidagilardan iborat:
– ichki sayyohlar (oilaviy sayohat qiluvchilar, talabalar, yoshlar);
– xorijiy turistlar (ingliz, rus va boshqa tillardagi interfeys orqali);
– turizm sohasi tadbirkorlari (sihatgohlar, turistik maskanlar, mehmonxona, gidlar, servislar);
– davlat organlari va tahlilchilar (statistika va monitoring maqsadida).
