O‘zbekistonda turizmni ilmiy asosda rivojlantirishning yangi bosqichi boshlanmoqda
2026-05-15 12:25:00 / Yangiliklar

Ta’kidlanganidek, zamonaviy turizm industriyasi sun’iy intellekt, raqamli platformalar, “taassurot iqtisodiyoti”, ekologik talablar va individual sayohat tendensiyalari ta’sirida yangi bosqichga o‘tmoqda.
Bugungi kunda davlatlar o‘rtasidagi raqobat faqat tarixiy meros yoki tabiiy resurslar bilan emas, balki innovatsiya, servis sifati va intellektual mahsulotlar bilan belgilanishi qayd etildi.
Uchrashuvda turizm sohasida ilmiy yondashuvlarni kuchaytirish, ilm-fan va davlat siyosati integratsiyasini ta’minlash muhim vazifa sifatida belgilandi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda turizm sohasida ko‘plab ilmiy ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ayrim tadqiqotlar nazariy darajada qolib ketmoqda va amaliyotga yetarlicha joriy etilmayapti.
Shu munosabat bilan Turizm qo‘mitasi sohadagi ilmiy tadqiqotlarga nisbatan yangi yondashuvni shakllantirishni maqsad qilgani ta’kidlandi.
Endi har bir ilmiy tadqiqot:
turistlar oqimini oshirish;
turist xarajatlarini ko‘paytirish;
servis sifatini yaxshilash;
yangi turistik mahsulotlar yaratish;
hududiy iqtisodiyotni rivojlantirish;
yangi ish o‘rinlari tashkil etish
kabi amaliy natijalarga xizmat qilishi lozimligi qayd etildi.
Ilmiy ishlar mamlakat turizm strategiyasi va hududiy rivojlanish dasturlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda aviatsiya va transport logistikasi, lyuks turizm, ekoturizm, ziyorat turizmi, MICE turizm, tungi iqtisodiyot, kinoturizm, gastronomik va kreativ turizm, raqamli marketing, sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar bazasi, smart turizm hamda barqaror turizm yo‘nalishlarida fundamental va amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Har bir hududning turistik o‘ziga xos salohiyati asosida uning ixtisoslashuvini belgilash, turistik klasterlar va yuqori iqtisodiy samara beruvchi mahsulotlarni ilmiy asosda shakllantirish lozimligi ta’kidlandi.
Kelajak turizmi raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, virtual tajribalar va avtomatlashtirilgan servislar asosida rivojlanishi qayd etildi.
Shu munosabat bilan olimlardan yangi ilmiy maktablar va innovatsion platformalar yaratish bo‘yicha aniq takliflar kutilayotgani bildirildi.
Ilmiy ishlarni baholashda asosiy e’tibor maqolalar soniga emas, balki amaliyotga joriy etilgan loyihalar, jalb qilingan turistlar, iqtisodiy samara va ijtimoiy ta’sirga qaratilishi ta’kidlandi.
Olimlar uchun sifatli data va analitik ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Milliy turizm yagona platformasida analitik dashboard va ochiq statistik baza yaratilayotgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, amaliy natija bergan ilmiy tadqiqotlar mualliflarini rag‘batlantirish choralari ko‘rilishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida Turizm qo‘mitasi olimlar bilan yaqin hamkorlik qilishga tayyor ekani, har bir tadqiqot real sektor ehtiyojidan kelib chiqishi va iqtisodiy samaraga ega bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.








