Surxondaryoda “Boysun bahori” XIII xalqaro folklor festivali boshlandi
2026-05-01 17:15:00 / Yangiliklar

“Boysun bahori” XIII xalqaro folklor festivali doirasida matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbir davomida festivalning mazmun-mohiyati, uning xalqaro maydondagi nufuzi, milliy madaniy merosimizni asrab-avaylash va keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shu bilan birga, festivalni yuqori saviyada tashkil etish, mehmonlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda xavfsizlik choralari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan atroflicha javob oldilar.
“Boysun bahori” festivali 7 mayga qadar davom etadi. Yetti kun davomida majmua uzra yangraydigan milliy ohanglar, adirlarda o‘tkaziladigan kurash va ko‘pkari musobaqalari, shuningdek, badiiy jamoalarning chiqishlari O‘zbekistonning boy nomoddiy madaniy merosini dunyoga namoyish etadi.
Festivalning xalqaro ko‘rik-tanlovida mamlakatimizning 16 ta folklor jamoasi va Buyuk Britaniya, Belgiya, Indoneziya, Vengriya, Slovakiya, Gretsiya, Yaponiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi davlatlardan 10 dan ortiq jamoa va yakkaxon ijrochi ishtirok etmoqda. Ularning ijrochilik mahoratini nufuzli xalqaro hakamlar hay’ati baholab boradi.
Tanlov g‘oliblari maxsus statuetka, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.









