OAV vakillari Imom Buxoriy majmuasi bilan tanishdilar
2026-04-07 09:45:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir mamlakatimizning boy ma’naviy merosini keng jamoatchilikka yetkazish, ziyorat turizmini rivojlantirish hamda jurnalistlarni amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida o‘tkazildi.
Press-tur davomida jurnalistlar majmuaning yangilangan qiyofasi, yaratilgan shart-sharoitlar hamda bu yerda olib borilayotgan ilmiy va ma’rifiy faoliyat bilan tanishdi. Ushbu majmua nafaqat ziyoratchilar, balki ilm-fan ixlosmandlari uchun ham muhim maskan hisoblanadi. Bu yerda buyuk muhaddis Imom Buxoriyning boy ilmiy merosi keng targ‘ib etilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari majmua hududida ziyoratchilar uchun qulay yo‘laklar, axborot markazlari, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun zarur sharoitlar yaratilgani va 9 pavilondan iborat innovatsion muzeyda Payg‘ambarlar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar ushbu majmuaning islom ilm-fanining yuksak namunasi va xalqaro ahamiyatga ega ziyorat maskani ekanidan dalolat.
Bundan tashqari, OAV vakillari majmua hududida 15 gektar maydondagi turizm markazida ziyoratchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlarga ega mehmonxonalar, avtoturargohlar va xizmat ko‘rsatish hamda servis nuqtalari, hududdagi obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, ushbu turizm markazida 1 ta to‘rt yulduzli, 2 ta uch yulduzli mehmonxona, 22 ta 176 o‘rinli oilaviy mehmon uylari hamda avtoturargoh bunyod etilgan. Mazkur obyektlar to‘liq kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanib, hududida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan. Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, ayni paytda 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega.
Press-tur davomida jurnalistlar sayyohlar uchun yaratilgan interaktiv xizmatlar, mehmonxonalar va gidlik tizimlari zamon talablari darajasida yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi. Olib borilayotgan bunday ulkan bunyodkorliklarni mamlakatda madaniy merosni asrash borasidagi izchil siyosatning amaliy ifodasi sifatida baholadi.









