Navro‘z, an’analar va tabiat: Zomin BMT Turizm Bosh kotibini nima bilan hayratda qoldirdi
2026-04-03 06:40:00 / Yangiliklar

Bosh kotib Zomin turistik zonasi bilan tanishish doirasida rejalashtirilgan barcha tadbirlarda shaxsan ishtirok etib, mahalliy aholining madaniyati hamda turmush tarziga samimiy qiziqish bildirdi. Dasturdan yangilanish va birdamlik ramzi bo‘lgan qadimiy bahor bayrami — Navro‘z tantanalarida ishtirok etish alohida o‘rin oldi.
Shayxa Al Novays bayram marosimlarini shunchaki kuzatib qolmay, ularda faol ishtirok etdi. U an’anaviy taomlarni tayyorlashda shaxsan qatnashdi: mahalliy aholi bilan birga katta qozonda sumalak aralashtirdi, milliy non yopish jarayonida o‘zini sinab ko‘rdi hamda qaymoq tayyorlanishi bilan tanishdi. Bosh kotib har bir taomni qiziqish bilan tatib ko‘rar ekan, ularning o‘ziga xos ta’mi va avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan tayyorlanish usulini alohida e’tirof etdi.
Madaniy dasturni mahalliy folklor jamoalarining chiqishlari to‘ldirdi. Shayxa Al Novays milliy raqslarni katta qiziqish bilan tomosha qildi va an’anaviy musiqalarni tinglab, O‘zbekiston madaniyati hamda an’analariga bo‘lgan hurmatini izhor etdi.
Bosh kotib BMT Turizm ko‘magida O‘zbekiston madaniy merosi va an’analarini xalqaro maydonda ilgari surish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu tashabbus doirasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, jahon hamjamiyati e’tiborini mamlakatning noyob tarixiy va madaniy boyligiga jalb etish ko‘zda tutilgan.
Tashrifning alohida qismi Zominning tabiiy diqqatga sazovor joylari bilan tanishishga bag‘ishlandi. Bosh kotib dor yo‘lida ko‘tarilib, u yerdan mintaqaning tog‘ landshaftlari va yashil hududlarining hayratomuz manzaralarini tomosha qildi. U bu joylarning o‘ziga xosligi va ekoturizmni rivojlantirish uchun salohiyati yuqori ekanini ta’kidladi.
Ekskursiya osma ko‘prikdan o‘tish bilan davom etdi. Bu nafaqat ramziy ma’no kasb etdi, balki tashrifning yorqin taassurotlaridan biriga aylandi. Bosh kotib ko‘prik bo‘ylab sayr qilar ekan, go‘zal manzaralardan zavqlandi va ko‘rganlari haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Delegatsiya a’zolari ham ko‘rganlaridan katta taassurot oldilar va ijtimoiy tarmoqlarda o‘z hissiyotlari bilan jonli ulashib, onlayn auditoriyani O‘zbekistonga tashrif buyurishga undadilar.
BMT Turizm delegatsiyasining Zominga tashrifi O‘zbekistonning yuksak mehmondo‘stligini hamda tabiat, madaniyat va zamonaviy imkoniyatlarning uyg‘unligiga asoslangan turizmni rivojlantirishga intilishini namoyon etdi.





