Yangilangan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilar va sayyohlar uchun muhim markazga aylanmoqda
2026-03-25 14:25:00 / Yangiliklar

19-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurgan buyuk islom olimi Imom al-Buxoriy hazratlariga bag‘ishlangan ushbu majmua nafaqat O‘zbekiston tarixida, balki butun musulmon olamida alohida e’tiborga molik maskan hisoblanadi. Zero, u zot Islom dinida Qur’oni Karimdan keyingi ikkinchi eng muhim va mo‘tabar manba sifatida e’tirof etilgan hadislar to‘plami - «Sahihul Buxoriy» asarining muallifidirlar.
Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi. Xususan, majmua qoshida turizm markazi ochildi. Yondosh 15 gektar maydonda zamonaviy infratuzilma yaratilib, shinam mehmonxonalar, xizmat ko‘rsatish va servis nuqtalari barpo etildi. Jumladan, 1 ta to‘rt yulduzli, 2 ta uch yulduzli mehmonxona, 22 ta 176 o‘rinli oilaviy mehmon uylari hamda avtoturargoh qurilgan. Mazkur obyektlar to‘liq kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanib, hududida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.
Natijada Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir kuniga 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega.
Majmuaning o‘zi Samarqandning, yangi O‘zbekistonning durdonasi bo‘lib qad rostladi. Uning maydoni 45 gektarni tashkil etadi. 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, ma’muriyat binosi, 154 ustunli, milliy uslubdagi muhtasham ayvon qurildi.
Majmua tarkibida eng ilg‘or axborot texnologiyalari asosida 9 pavilondan iborat noyob innovatsion muzey barpo etildi. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qur’oni karimda ismlari zikr qilingan 25 payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar joylashtirilgan.
Qadamjoda 14 ta moviy gumbaz, 75 metrlik 4 ta minora unga ulug‘vor qiyofa bag‘ishlab turibdi.
Imom Buxoriy majmuasida yakuniga yetgan bunyodkorlik ishlari va yaratilgan sharoitlar Samarqandni Markaziy Osiyoning eng muhim ma’naviy va sayyohlik markazlaridan biri sifatida o‘z maqomini yana bir bor tasdiqlamoqda.









