2025-yil — turizm sohasida yangi bosqich va yuqori natijalar yili
2026-01-15 09:50:00 / Yangiliklar

Olib borilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida 2025-yilda mamlakatimizga ilk bor aprel–noyabr oylari davomida har oyda 1 million nafardan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonga jami 11,7 million nafar xorijiy turist kelib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 116,1 foiz o‘sishni tashkil etdi. Shu bilan birga, turistlarga ko‘rsatilgan xizmatlar eksporti 4,8 milliard AQSh dollariga yetdi va bu ko‘rsatkich 142,2 foizga o‘sdi.
Turistlar oqimi geografiyasi ham kengayib bormoqda. Xususan, qo‘shni davlatlar va MDH mamlakatlaridan kelgan sayyohlar soni 2024-yilga nisbatan 1,1 barobarga, uzoq xorij davlatlaridan kelgan sayyohlar soni esa 1,5 barobarga ko‘paydi. Bu esa mamlakatimizning xalqaro turizm bozoridagi jozibadorligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Ichki turizmni rivojlantirish borasida ham muhim ishlar amalga oshirildi. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida aholining hududlarga 23,7 million nafar tashrifi tashkil etildi. Shuningdek, aholi o‘rtasida sayohat madaniyatini keng targ‘ib qilish maqsadida har oyning ikkinchi haftasining shanba va yakshanba kunlari “Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni” etib belgilandi.
Turizm infratuzilmasini rivojlantirish ham ustuvor vazifalardan biri bo‘ldi. Yil davomida hududlarda 1023 ta yangi joylashtirish vositalari ishga tushirildi. Ular orasida 136 ta mehmonxona, 528 ta oilaviy mehmon uyi, 298 ta xostel va 61 ta boshqa joylashtirish vositalari mavjud. Natijada respublika bo‘yicha joylashtirish vositalari soni 6921 taga, ulardagi o‘rinlar soni esa 185,6 mingtaga yetdi.
Shuningdek, turistlarga xizmat ko‘rsatish sohasida ham yangi imkoniyatlar yaratildi. 721 ta yangi turistik tashkilot va turagentlik faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularning umumiy soni 4406 taga yetdi. Bugungi kunda respublika bo‘ylab 4448 nafar gid-ekskursovod faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning o‘zida 1048 nafar yangi gid-ekskursovod tayyorlandi.
Turistlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida tadbirkorlik subyektlariga berilgan tavsiyalar asosida 892 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasining holati yaxshilandi, bu esa sayohatchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekistonning turizm salohiyatini xalqaro maydonda targ‘ib qilish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. 2025-yilda dunyoning 22 ta davlatlarida, jumladan Xitoy, Rossiya, AQSh, Fransiya, Ispaniya, Vengriya, Germaniya, Yaponiya va BAA kabi mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan 27 ta nufuzli turizm ko‘rgazma va yarmarkalarda mamlakatimiz turizm imkoniyatlari keng namoyish etildi.
Shu bilan birga, 2024–2025-yillar Rossiya Federatsiyasi va Xitoy Xalq Respublikasida “O‘zbekiston turizm yili” deb e’lon qilindi. Bu doirada mazkur davlatlarda 20 dan ortiq madaniy va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu targ‘ibot ishlari natijasida Xitoydan kelgan sayyohlar soni 2023-yilga nisbatan 6,5 barobarga, Rossiyadan esa 38 foizga oshdi.
Xorijiy mamlakatlarda O‘zbekiston turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida 20 ta davlatda 30 ta “Road show”, madaniy tadbirlar va taqdimotlar tashkil etildi. Shuningdek, 15 ta yirik xorijiy mediaplatformalarda mamlakatimizning sayyohlik imkoniyatlari haqida 50 ga yaqin media kontentlar joylashtirildi.
O‘zbekistonning turistik jozibadorligi xalqaro media maydonda ham keng e’tirof etildi. Jumladan, “BBC Travel” portali O‘zbekistonni 2025-yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi 25 ta yo‘nalish qatoriga kiritdi. Amerikaning nufuzli “The New York Times” nashri Buxoro shahrini 2025-yilda tashrif buyurishga arziydigan 52 ta eng yaxshi joy ro‘yxatiga kiritdi. “Financial Times” nashri esa Buxoroda o‘tkaziladigan Xalqaro zamonaviy san’at biyennalisini 2025-yilda tashrif buyurish tavsiya etilgan 50 ta tadbir qatoriga kiritdi. Shuningdek, “Time Out” jurnali Samarqanddagi Registon maydonini dunyoning eng go‘zal 44 ta joyi qatoriga kiritgan bo‘lsa, “National Geographic” Xiva shahrini sayohat uchun eng yaxshi yo‘nalishlardan biri sifatida e’tirof etdi.
Turizmni hududlar kesimida rivojlantirish maqsadida yangi turizm qishloqlari va mahallalari tashkil etildi. Ularning umumiy soni 39 taga yetkazildi.
Sohada tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 4 ta yangi davlat xizmati joriy etildi va bugungi kunda turizm sohasida jami 14 ta davlat xizmati ko‘rsatilmoqda.
Raqamli texnologiyalarni joriy etish ham sohadagi muhim yo‘nalishlardan biri bo‘ldi. Turistlar uchun qulaylik yaratish maqsadida “Tourist map” interaktiv portali va mobil ilovasi ishlab chiqildi. Ushbu tizim sinov tariqasida Samarqand xalqaro aeroportida interaktiv uskunalar bilan ishga tushirildi.
Shuningdek, turizm sohasida yangi formatdagi madaniy tadbirlar ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Ilk bor Borsakelmas sho‘rxokligida “Yonar” art tadbiri tashkil etildi. Unda 35 nafar xorijiy va mahalliy ishtirokchilar tomonidan “Sfera”, “Monolit”, “Teleport”, “Amorfoz haykali”, “Kelajak gologramma” va “Art Car Scorpion” kabi san’at installyatsiyalari barpo etildi.
Umuman olganda, 2025-yilda turizm sohasida amalga oshirilgan islohotlar, infratuzilmaning kengayishi, xalqaro targ‘ibot ishlarining kuchayishi hamda raqamli xizmatlarning joriy etilishi mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirishga mustahkam zamin yaratmoqda. Bu esa O‘zbekistonni xalqaro turizm xaritasida tobora jozibador va raqobatbardosh yo‘nalish sifatida mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
