Andijonda turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi
2026-02-25 11:40:00 / Yangiliklar

Tashrifning dastlabki manzili Xonobod shahri bo‘ldi. Bu yerda “Khanabad Pearl” turizm majmuasining qurilish jarayoni o‘rganilib, loyiha doirasida zamonaviy infratuzilma yaratish, dam olish va ko‘ngilochar xizmatlar ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Xontog‘ dam olish maskani faoliyati tahlil qilinib, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, servis sifatini oshirish hamda xorijiy va mahalliy turistlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Andijon viloyati bojxona boshqarmasiga qarashli Xonobod chegara bojxona posti faoliyati bilan tanishish chog‘ida esa chegara hududida sayyohlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish va rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shu kuni “Kampirrovot” mahallasi hududida barpo etilayotgan “Sun’iy ko‘l” loyihasi hamda Xontog‘ adirliklarida tashkil etilgan salomatlik yo‘laklari bilan tanishildi. Shuningdek, Jalaquduq tumanida “Qutayba ibn Muslim” ziyoratgohi, Andijonsoy suv bo’yida dam olish hududlarini tashkil qilish loyihasi, Xo‘jaobod tumanida “Imom ota” turizm maskanida olib borilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
Tashrif doirasida Buloqboshi tumaniga ham borildi. Tumanning tashrif qog‘ozi hisoblangan “Shirmonbuloq” turizm maskani va uning atrofidagi hududlarni kompleks rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Andijon tumanida tashkil etilayotgan “Bobur” shahri loyihasi, Andijon shahridagi “Qal’a” majmuasi hamda “Sarikuy” va “O‘rikzor” ko‘chalarida yo‘lga qo‘yilgan 24/7 turizm ko‘chalari faoliyati bilan tanishildi.
Bundan tashqari, Andijon shahrining “Zahiriddin Muhammad Bobur” mahallasida joylashgan “Torbozor” ko‘chasi — hunarmandchilik etnografik zonasi ko‘zdan kechirildi. Bo‘ston tumanida Andijon o‘rmon xo‘jaligi Bo‘ston o‘rmon bo‘limi hududida amalga oshirilayotgan ekoturizm loyihalari bilan tanishildi. Marhamat tumanidagi “Mingtepa” arxeologik yodgorligini rivojlantirish va turistik jozibadorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Qo‘mita raisi infratuzilmani yaxshilash, yo‘llar va muhandislik tarmoqlarini rivojlantirish, mehmonxonalar, ayniqsa, oilaviy mehmon uylari faoliyatini kengaytirish, servis sifatini oshirish, investitsiya jalb qilish va yangi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator ko‘rsatmalar berdi. Tashrif yakunida hududning turistik salohiyatini yanada oshirish va investitsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish belgilandi.









