Qashqadaryo viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbuslar ishlab chiqilmoqda
2026-02-21 09:10:00 / Yangiliklar

Safar doirasida viloyat hokimligi, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, 50 nafardan ziyod turizm sohasida faoliyat yuritayotgan mahalliy tadbirkorlar — turoperatorlar, mehmonxona va umumiy ovqatlanish obyektlari, transport xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlar, dam olish maskanlari hamda madaniy muassasalar rahbarlari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.
Muloqot davomida Qashqadaryo viloyatida 2025-yilda amalga oshirilgan turizm loyihalari, erishilgan ijobiy ko‘rsatkichlar hamda sohaning hozirgi holati yuzasidan atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi. Shu bilan birga, 2026-yilga mo‘ljallangan asosiy ustuvor yo‘nalishlar — turizm infratuzilmasini takomillashtirish, yangi turizm mahsulotlari va yo‘nalishlarini ishlab chiqish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish hamda sohada xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda ilgari surilgan taklif va tashabbuslar asosida Qashqadaryo viloyatida turizmni rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarning aniq manzilli rejalari shakllantirildi. Ushbu rejalarning hayotga tatbiq etilishi natijasida viloyatning turistik jozibadorligi oshishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi hamda mahalliy aholi daromadlari o‘sishiga xizmat qilishi kutilmoqda.




