O‘zbekiston «Voyage Awards 2025» xalqaro mukofotida «Madaniy turizm bo‘yicha yil yo‘nalishi» deb e’tirof etildi
2026-02-20 18:55:00 / Yangiliklar

Mazkur mukofot O‘zbekiston Respublikasining Turizm qo‘mitasiga mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi, noyob turistik yo‘nalishlari hamda xorijiy sayyohlarga Buyuk Ipak yo‘lining betakror muhitini his etish imkonini beruvchi salohiyati e’tirofi sifatida topshirildi.
«Voyage Awards» mukofoti har yili turistik yo‘nalishlar, mehmonxona tarmoqlari, aviakompaniyalar va turistik tashkilotlar faoliyatini nufuzli xalqaro tashkilotlar, soha vakillari hamda ekspertlar fikr-mulohazalari asosida baholash orqali taqdim etiladi.
Ushbu nominatsiyada O‘zbekistonning g‘olib deb topilishi jahon turistik hamjamiyatining mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Ayniqsa, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlar xorijiy sayyohlar uchun alohida qiziqish uyg‘otmoqda.
Shuningdek, mazkur mukofot O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasining xalqaro targ‘ibot, xorijiy hamkorlar bilan samarali hamkorlikni rivojlantirish, milliy turizm mahsulotlarining raqobatbardoshligi va jozibadorligini oshirish borasida olib borayotgan izchil va tizimli faoliyatining amaliy natijasi hisoblanadi.
