Ekohududlarda turistik so‘qmoqlar tashkil etilmoqda
2026-02-20 10:55:00 / Yangiliklar

Turistik so‘qmoq — ekohududlarda sayyohlar harakatlanishi uchun mo‘ljallangan, oldindan belgilangan, maxsus yo‘nalishga ega va ekologik talablarga javob beruvchi marshrut hisoblanadi. U piyoda, shuningdek, ot, velosiped, chang‘i kabi vositalarda (avtomototransport vositalaridan tashqari) sayohat qilish uchun moslashtiriladi. Bunday yondashuv sayyohlarning tartibsiz harakatlanishini cheklash, o‘simlik va hayvonot dunyosiga zararni kamaytirish hamda tabiiy muhitni muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Ekohududlarda turistik so‘qmoqlar Turizm qo‘mitasi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan kelishilgan holda tashkil etiladi. Yo‘nalish, uning uzunligi va o‘tish nuqtalari ekohududning balansda saqlovchisi tomonidan ishlab chiqiladi. Bunda hududning tabiiy xususiyatlari, ekologik holati, turistlar xavfsizligi va mavjud infratuzilma imkoniyatlari inobatga olinadi. Turistik so‘qmoqlar dam olish nuqtalari, axborot lavhalari, yo‘naltiruvchi va xavfsizlik belgilar bilan jihozlanadi. So‘qmoq foydalanishga tayyor holatga keltirilgandan so‘ng u Turizm qo‘mitasi yuritadigan maxsus reyestrga kiritiladi, bu esa uning rasman tashkil etilganligini tasdiqlaydi.
So‘qmoqlarni saqlash va texnik holatini doimiy nazorat qilish ekohudud balansda saqlovchisi zimmasiga yuklanadi. Foydalanish jarayonida tabiiy muhitga zarar yetkazmaslik, chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash, belgilangan yo‘nalishdan chetga chiqmaslik hamda so‘qmoqdan faqat belgilangan maqsadlarda foydalanish shart qilib belgilangan. Ekologik holat yoki xavfsizlikka tahdid yuzaga kelgan taqdirda turistik so‘qmoqlardan foydalanish vaqtinchalik to‘xtatilishi mumkin. Barcha ma’lumotlar internet tarmog‘ida ochiq va tushunarli shaklda joylashtirilib, turistlarga sayohatni oldindan rejalashtirish imkoniyati yaratiladi. Ushbu tizim ekoturizmni barqaror rivojlantirish va tabiiy hududlarni asrab-avaylashga xizmat qilmoqda.
