Hotel Business Forum 2026: Kasbiy ta’lim va xalqaro tajriba orqali turizmni rivojlantirish
2026-02-14 14:05:00 / Yangiliklar

Tadbirda xalqaro mehmonxona brendlari, investorlar, ekspertlar, restoratorlar va ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etib, turizmni rivojlantirishga innovatsion yechimlar va yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Xususan, professional ta’lim va O‘zbekiston turizmi kelajagini shakllantira oladigan mutaxassislarning yangi avlodini tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va ko‘nikmalarni rivojlantirishning ta’limdagi rolini muhokama qilib, innovatsiyalar va inson yondashuvining uyg‘unligi zamonaviy xizmat sifatini belgilashini ta’kidladilar.
Xorijiy ishtirokchilar O‘zbekistonning mehmondo‘stlik sohasidagi yuqori salohiyatini va turizm sohasini yanada rivojlantirish uchun xalqaro ta’lim standartlari va ilg‘or tajribalarni joriy etishga tayyorligini ta’kidladilar.
Forum doirasida O‘zbekiston mehmonxonalar uyushmasi va bir qator hamkorlar: "Chusty Group," Toshkent xalqaro "Kimyo" universiteti, Professional ta’lim agentligi, Bo‘stonliq va Zomin turizm va madaniy meros texnikumlari, shuningdek, O‘zbekiston-Malayziya-Indoneziya turizm assotsiatsiyasi (UMITA) o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Ushbu kelishuvlar professional ta’limni rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirish va turizm sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.





