Toshkentda Hotel Business Forum 2026 birinchi kuni bo‘lib o‘tdi
2026-02-13 19:20:00 / Yangiliklar

Forumning bosh mavzusi — “Sun’iy intellekt: turizm va mehmondo‘stlikning yangi yo‘nalishi” — sohaning innovatsiyalarga intilishi va O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun zamonaviy yechimlarni izlashga qaratilganini ifodalaydi.
Tadbirda 600 dan ortiq delegat, jumladan, Tojikiston, Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya, Germaniya va boshqa davlatlardan kelgan xorijiy mehmonlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar orasida xalqaro mehmonxona brendlari vakillari, restoran egalari, investorlar, IT-texnologiyalar va barqaror rivojlanish bo‘yicha mutaxassislar yig‘ildilar.
Plenar va tematik sessiyalarda ekspertlar sun’iy intellekt mehmonxonalarni boshqarish jarayonini qanday o‘zgartirayotgani, servis sifatini oshirish, turistik yo‘nalishlarni ilgari surish hamda O‘zbekistonning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini kuchaytirishga qanday xizmat qilayotgani haqida fikr almashdilar. Shuningdek, investitsiyalarni jalb etish, milliy brendlarni yaratish, “aqlli” va ekologik yechimlarni rivojlantirish, ayollar yetakchiligi hamda mehmondo‘stlik sohasida inson omilining o‘rni masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar ta’kidlashicha, raqamlashtirish va innovatsiyalarni joriy etish O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda — sayyohlarni jalb etishdan tortib, zamonaviy texnologiyalar va an’anaviy o‘zbek mehmondo‘stligini uyg‘unlashtirgan barqaror turizm ekotizimini shakllantirishgacha.
Shuningdek, Forum doirasida HoReCa segmenti uchun mahsulot va xizmatlarning to‘liq spektrini taqdim etuvchi interaktiv B2B ko‘rgazma tashkil etildi. Unda mehmonxona sanoatining yetakchi yetkazib beruvchilari — uskunalar ishlab chiqaruvchilari, professional idish-tovoq va inventar, mebel va interyer buyumlari, professional tekstil va forma, xavfsizlik tizimlarini avtomatlashtirish, yorug‘lik va ovoz uskunalari yetkazib beruvchilar ishtirok etdi.
Turizm sohasini rivojlantirish mamlakatning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga 11,6 million nafar xorijiy fuqaro tashrif buyurdi. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” ichki turizm dasturi doirasida esa mamlakat aholisi hududlar bo‘ylab 23,7 milliondan ortiq safar amalga oshirdi. O‘tgan yili hududlarda 1023 ta yangi joylashtirish vositasi foydalanishga topshirildi, jumladan 136 ta mehmonxona, 528 ta oilaviy mehmon uyi va 298 ta xostel ishga tushirildi. Umumiy joylashtirish obyektlari soni 6921 taga, ulardagi o‘rinlar soni esa 185,6 mingtaga yetdi. Ushbu ko‘rsatkichlar turizm sektorining barqaror o‘sishini va O‘zbekistonning jahon turizm xaritasida zamonaviy hamda jadal rivojlanayotgan yo‘nalish sifatida tobora ortib borayotgan qiziqishni tasdiqlaydi.
Forum 14-fevral kuni o‘z ishini davom ettiradi: ikkinchi kun yangi avlod mutaxassislarining kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga bag‘ishlanadi hamda Milliy Mehmondo‘stlik mukofotini topshirish marosimi bilan yakunlanadi.









