Jizzax viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilandi
2026-02-08 16:05:00 / Yangiliklar

Tashrifning birinchi kuni Respublika ishchi guruhi Baxmal tumanining turizm salohiyati taqdimoti bilan tanishib, “Muzbuloq” MFYning Boyqo‘ng‘irsoy hududiga tashrif buyurdi. Unda 19 gektar yer maydonini master-reja asosida rivojlantirish, hududda sanatoriy-kurort zonasi tashkil etish, tabiatni asragan holda sog‘lomlashtirish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, shale uylari va so‘qmoqlar yaratish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Ishchi guruh keyingi obyekt sifatida “Boyqo‘ng‘ir” qishlog‘i aholisi hayoti va imkoniyatlari bilan tanishdi. Qishloqdagi turistlarni jalb qiluvchi uylar, agroturizm imkoniyatlari hamda qo‘l mehnati asosida yaratilayotgan hunarmandchilik mahsulotlarini inobatga olgan holda unga “turizm qishlog‘i” maqomini berish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Navbatdagi tashrif manzili G‘allaorol tumanidagi “Amir Temur darvozasi” hududida joylashgan turizm kompleksi bo‘lib, ushbu hududda tashkil etilgan xizmat ko‘rsatish obyektlarini jonlantirish yuzasidan vazifalar belgilandi. Jumladan, tog‘ hududida kuzatuv maydonini tashkil etish, hududning “tashrif qog‘ozi”ni yaratish hamda sayyohlik so‘qmoqlarini barpo etish bo‘yicha tadbirkorlik subyektlariga takliflar berildi. Qo‘mita mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirishda ko‘mak ko‘rsatishi ma’lum qilindi.
Ishchi guruh tashrifining ikkinchi kuni Arnasoy tumanidagi “Aydarko‘l” sohil hududida yaratilgan turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlari bilan tanishdi. Shuningdek, “Aydar-Arnasoy Resort Complex” MChJda turistlarni qabul qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi. Majmuani qishki mavsumda ham to‘liq bandligini ta’minlash va “Aydarko‘l” sohil hududini yagona konsepsiya asosida rivojlantirish maqsadida 200 gektardan ortiq yer maydonini qamrab olgan master-reja ishlab chiqish vazifasi belgilandi. Kelgusida investitsiyalarni jalb etish uchun mazkur master-reja asosida uning salohiyati tijorat banklari, investorlar va turistik tashkilotlarga taqdim etilishi rejalashtirildi.
Keyingi manzil Zafarobod tumanidagi “Lolazor” MFY hududi bo‘lib, u “Aydarko‘l” bo‘yi tog‘li va qirg‘oq hududlarini o‘z ichiga oladi. Bu yerda 2026–2030 yillar davomida bosqichma-bosqich turistik kompleks tashkil etish bo‘yicha rejalar belgilandi.
Shuningdek, hududga olib boruvchi yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va elektr tarmoqlarini tortish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.








