Yangi zamonaviy suzish havzalarini (basseyn) qurish va ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlari Turizm qo‘mitasi tomonidan qoplanadi
2026-02-03 13:00:00 / Yangiliklar

Bunda suzish havzalari joylashtirish vositalari, yirik savdo majmualari yoki umumiy ovqatlanish shoxobchalari hududida tadbirkorlik subyektlari tomonidan tashkil etilgan bo‘lishi talab etiladi.
Suzish havzalariga quyidagi talablar qo‘yiladi:
- maydoni 50 — 100 kvadrat metr chuqurligi 1,3 metrdan boshlanadigan, suvni filtrlash, isitish va dezinfeksiya qilish tizimlari bilan jihozlangan, yopiq (ichki) yoki ochiq (tashqi) sunʼiy suzish havzasi bo‘lishi;
- binoning tashqi va ichki fasad qismlarini, shuningdek, hududini dekorativ jihozlashga qaratilgan suv havzalari va favvoralar bo‘lmasligi talab etiladi.
Talabgorlar tomonidan Turizm qo‘mitasiga suzish havzasini qurish va tashkil qilish xarajatlarini bir qismini qoplash uchun arizaga quyidagi hujjatlar:
- suzish havzasining loyiha hujjatlari nusxasi;
- suzish havzasini qurish va ishga tushirish uchun tuzilgan pudrat shartnomasi nusxasi;
- shartnomaga asosan toʻlov amalga oshirilganini tasdiqlovchi elektron hujjat (hisobvaraq-faktura, kassa yoki terminal apparati cheklari, bank toʻlov hujjatlari va boshqalar) nusxalari ilova qilinadi va arizalar 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Talabgor xarajatlarni qoplash uchun ariza taqdim etish vaqtida quyidagi:
- Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliq va yigʻimlar boʻyicha qarzdorligi boʻlmasligi;
- qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida boʻlmasligi;
- faoliyati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vaqtincha toʻxtatilgan boʻlmasligi;
- sud qarori asosida toʻlovga qobiliyatsiz deb eʼlon qilingan boʻlmasligi kabi talablarga javob berishi lozim.
